Bugungi kunda ekologiyani rivojlantirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xodimlar o‘rtasida o‘z mas'uliyatliligini va ish samarasini oshirish uchun bugun, 29 fevral kuni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirda Ekologiya qo‘mitasi va “Toza hudud” davlat unitar korxonalari (DUK) va ularni hududiy filiallari ishtirok etishdi. Mazkur tadbirda “Toza hudud” DUK larining faoliyati haqida ham ma'lumotlar berildi.
Bugungi kunda respublikada 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va ularning 174 ta tuman va shahar filiallari, Toshkent shahrida “Maxsustrans” DUK, markaziy shaharlarda 9 ta klasterlar va 100 ta muqobil korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda. 2017 – 2019 yillarda budjet mablag‘lari hisobidan jami 732 ta maxsus texnikalar xarid qilinib, respublika aholisining 15,6 mln. nafari yoki 48 foiziga xizmat ko‘rsatilib kelinmoqda. 2020–2021 yillarda budjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha 522 ta texnikalar xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, xodimlarga beriladigan oylik maosh haqida ham ma'lumot berildi. 2018 yilda davlat unitar korxonalaridagi ishchi va xizmatchilarning bir oylik ish haqi fondi 6 mlrd. so‘mni tashkil etgan. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 25 foizga ortib, 7,5 mlrd. so‘mni tashkil qildi.
Xodimlar o‘rtasida ish samarasini oshirish maqsadida tanlov uyushtirildi. Bu tanlov “Eng namunali va daromadli avtokorxona”, “Eng namunali chiqindi poligoni” va “Eng namunali xaydovchi va yuklovchi” kabi uch yo‘nalishda amalga oshirildi. “Eng namunali va daromadli avtokorxona” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa “Neksiya” avtomobili, 2-o‘ringa 15 mln. so‘mlik sertifikat va 3 o‘ringa 10 mln. lik sertifikatlar topshirildi. Bu tanlovda “Eng namunali va daromadli avtokorxona” yo‘nalishida Buxoro viloyati “Maxsus avtoxo‘jalik” MChJ rahbari Alisher Nazarov g‘olib bo‘ldi va “Neksiya” avtomobili bilan taqdirlandi.
“Bu tadbir respublikamizda birinchi marta o‘tkazilmoqda va xodimlar o‘rtasida ma'suliyatlilikni, raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi. Biz g‘olibni aniqlashda asosan, hududdagi aholining fikrini va tozalikni o‘rgandik. Taqdirlashni uch bosqichda amalga oshirdik va munosib deb topilganlari o‘z mukofotlarini olishdi”, dedi Davlat Ekologiya qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorov.