Kunlik ish jarayonida ishchi xodimlarga qulay shart sharoit mehnat samaradorligini oshishining asosiy omili xisoblanadi. Bunga misol tariqasida “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” Aksiyadorlik jamiyatida yana bir obekt kapital ta'mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
Jamiyatning Avtotransport va mexanizmlar xizmati joylashgan mazkur obekt, zamonaviy arxitektura talablari asosida kapital ta'mirdan chiqarildi. U yerda transport vositalariga mo‘ljallangan alohida turargoh, yoqilg‘i quyish hamda texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, dispetcherlik punkti kabi xizmat faoliyatiga oid qulayliklarga ega bo‘lgan xonalar qayta qurilib, jihozlandi.
Ochilish marosimida, “Hududiy elektr tarmoqlari” Aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv rahbariyati, sohada uzoq yillar mehnat qilgan mehnat faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Bunday qulay shart-sharoitlar ishchi xodimlarni ish jarayonida xavfsiz mehnat qilishlarini ta'minlaydi.
Bundan tashqari, tadbir davomida, jamiyat tasarrufidagi tuman (shahar) elektr ta'minoti korxonalarining Xavfsizlik texnikasi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarga zamonaviy motoroller (skuter)lar topshirildi.
Endilikda ular o‘z hududlaridagi obektlarda bajarilayotgan barcha ishlarning sifati va texnika xavfsizligi masalalari yuzasidan nazoratni kuchaytirish imkoniga ega bo‘lishadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, o‘tgan davr mobaynida “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan tasarrufidagi 16 ta tuman (shahar) elektr ta'minoti korxonalari to‘liq kapital ta'mirlanib, foydalanishga topshirilgan edi.
“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ
Matbuot xizmati