«Bir hovlida yashab, ularni sezmasligimiz mumkin». Rus tadqiqotchisi Moskvadagi muhojirlar dunyosi haqida

Jamiyat 14:36 / 27.02.2020 28734

Rossiyada millionlab muhojirlar yashamoqda – yoshlar va butun boshli oilalar Moskvaga va boshqa yirik shaharlarga pul ishlash, vatanida qolgan yaqin qarindoshlarini boqish uchun kelishadi. Yillar davomida u yerda oddiy rossiyaliklarning ko‘zidan yashirin infratuzilmalar shakllangan.

Iqtisodiyot oliy maktabining Ijtimoiy siyosat institutidagi ijtimoiy siyosat izlanishlari markazi mudiri Yekaterina Deminseva bir necha yillardan beri Markaziy Osiyodan borgan mehnat muhojirlarining hayotini o‘rganmoqda.

«Lenta.ru» nashri u bilan suhbat qilib, muhojirlarning hayoti, yashash joyini qanday topishlari, o‘z klinikalari, shaxsiy hayoti va qiziqishlari haqida so‘radi.

«Lenta.ru»: Keling umumiy tushunchalardan boshlaymiz. Markaziy Osiyodan kelgan zamonamiz mehnat muhojirining umumiy portretini yasashimiz mumkinmi?

Deminseva: Ha, deya olmayman. 10 yil oldin buni qilishimiz mumkin edi. Odatda u pul topish uchun kelgan yosh yoki o‘rta yashar erkak bo‘lgan. Hozirgi muhojirlarning qiyofasi xilma-xil. U maktabni endi tugatgan va Rossiyada 10 yildan beri yashayotgan ota-onasining oldiga kelgan yosh yigitcha yoki pul topish uchun qarindoshlari oldiga kelgan yosh qiz bo‘lishi mumkin.

Yoki bolalarini boqish uchun kelgan, turmushidan ajrashgan yoki beva bo‘lgan o‘rta yashar yolg‘iz ayol bo‘lishi ham mumkin. Yil sayin ularning xilma-xilligi oshib bormoqda.

Pul topish ularning yagona maqsadimi?

– Asosiy maqsadi desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Muhojirlar vatanida qolgan oilasini boqish uchun mehnat qilishadi. Ularning yurtida ish yo‘q va Rossiyaga kelish ular uchun pul topishning yagona yo‘li. O‘z navbatida, agar mehnat qilishmasa, Rossiyada och qolishadi. Chunki ular uchun bu yerda hech qanday ijtimoiy dasturlar, ijtimoiy uylar yo‘q.

Kim yaxshi ish topsa, oilasini Rossiyaga olib keladi. Bu juda ommalashgan deyishdan yiroqman. Ammo bolalarini bu yerga olib kelayotganlar ularning kelajagini o‘ylab, yaxshi tibbiyot, yaxshi ta'lim, yaxshi ish ilinjida shunday qilishadi.

Boshqacha aytadigan bo‘lsak, muhojirlarning ko‘pchiligi Rossiyada qolish uchun emas, balki vaqtincha kelishadimi?

– Xuddi shunday. Bu yerga 5-10 yil oldin kelib, oilasiga pul jo‘natib turganlar, vaqt o‘tgach yurtiga qaytishadi. Ularning o‘rniga esa farzandlari keladi.

Aytish joizki, bu oqimlar juda tezkor. Ba'zilar mavsumiy ishlarga kelib, yillar davomida qolib ketishadi. Ba'zilar bir-ikki yilni mo‘ljallab kelishadi, ammo ish topolmay vataniga qaytib ketishadi.

Demak, ularning maqsadi o‘zga yurtga moslashish emas. Fikr-u xayolida baribir o‘z yurtida qolishadi. Bu mentalitetga bog‘liqmi?

– «Mentalitet» so‘zini ishlatmagan bo‘lardim. Bu turli guruh odamlarining ijtimoiy munosabatlari. Tasavvur qiling: odam Moskvaga keladi va sutkasiga 10 soat ko‘cha supuradi. Uning mahalliy aholi bilan munosabati chegaralangan, kun davomida 3-4 odam bilan salomlashishi mumkin. Kechqurun charchab, bir necha vatandoshlari bilan ijaraga olgan yotog‘iga boradi, ovqatlanib, uxlaydi. Keyingi kuni bu voqealar yana takrorlanadi.

Mehnat muhojirlari jamiyatimizda yashasa-da, ba'zan ularning hayoti turmushimiz bilan kesishmaydi.

Bundan tashqari, muhojirlar bizga sezilmaydigan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishadi. E'tibor bering, masalan, kafeda ofitsiant emas, balki oshxonada ovqat tayyorlashadi yoki idish-tovoq yuvishadi.

Shunchaki ko‘rinmas odamlarmi?

– Yaxshi ta'rif. O‘z izlanishlarimda Moskvaning turli rayonlarida yashayotgan muhojirlarning hayotini o‘rganganman. Dam olish kunlari qayerga borishlarini so‘raganman. Ko‘pchiligi yashash joyiga yaqin bo‘lgan savdo markazlariga, shuningdek, «Mejdunarodnaya» metro stansiyasidagi «Afimoll»ga borishini aytishgan.

Ular o‘sha yerda sayr qilishadi, do‘stlari bilan uchrashadi, suratga tushishadi. Bu haqda dugonalarimga aytib bersam, hayron qolishgan. Chunki «Afimoll»da biror marta muhojirlarni ko‘rishmagan.

Shundan so‘ng, birga «Afimoll»ga bordik va Markaziy Osiyodan kelgan ko‘plab muhojirlarni ko‘rdik: kimdir restoran hovlisida o‘tirardi, kimdir fontan oldida suratga tushardi, kimdir shunchaki sayr qilardi. Ammo dugonalarim ularni birinchi marta ko‘rishi edi. Chunki avval hatto bir hovlida yurgan bo‘lsa-da, «o‘zgalar»ga umuman e'tibor berishmagan.

Hamma joyda shunaqa: biz bir hovlida yashashimiz, ammo bir-birimizga e'tibor bermasligimiz mumkin.

Foto: Vasiliy Shaposhnikov / «Kommersant'»

Moskvada yoki boshqa shaharlarda muhojirlarning rayonlari yo‘q, deb ayta olamizmi?

– Ha. Moskva shahri yoki viloyatidagi birorta rayon muhojirlarga tegishli emas. Ammo Moskva viloyatida yirik bozor joylashgan bir joyni bilaman. U yerda ko‘plab muhojirlar yashashadi, chunki shu bozorda ishlashadi.

«Sadovod» bozori yonidagi hududni nazarda tutyapsizmi?

– Bahs va munozaralar yuzaga kelmasligi uchun aniqlik kiritishni istamayman, ammo ta'kidlayman: bu muhojirlar rayoni emas.

Masalan, Yevropa yoki Amerikada muhojirlarning rayonlari bor. Odatda bu kambag‘al, ijtimoiy darajasi bir xil, turli millatlar yashaydigan hudud bo‘ladi. Moskvada bunaqasi yo‘q.

Foto: Aleksandr Koryakov / «Kommersant'»

Yevropadagi bunday hududlarda kam ta'minlanganlarga davlat tomonidan uy-joy beriladi. Moskvada bunday ijtimoiy uylar yo‘q. Muhojirlar o‘zlari uchun xona yoki kvartirani ijaraga olishadi.

Rayon mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, muhojirlar yashaydigan ko‘plab kvartiralar ular tomonidan sotib olingan. Ba'zilarining bozorda do‘konlari bor, ularning hammasi ham kambag‘al emas. Ular mashina sotib olishga, farzandi uchun repetitor yollashga, ta'tilga chiqib, dam olishga qodir.

Biz muhojirlar ko‘proq bo‘lgan rayonlar haqida gapirmoqdamiz, ammo bular turli ijtimoiy guruhlardir. Ularda Yevropadagi kabi jinoyatchilikning yuqori darajasi, ishsizlik muammolari yo‘q. Moskva yoki boshqa shaharlarga kelgan muhojirlar bir joyda to‘plangan holda yashamaydi. Ular shaharning turli joylaridan kommunal uylarni, buzilish dasturiga kirgan uylarni, 5 qavatli uylarning arzon kvartiralarini ijaraga olishadi.

Ammo muhojirlar o‘z yurtdoshlari, qarindoshlari yonidan uy izlashi bor gap emasmi? Kambag‘al muhojirlar qaysi tamoyillar asosida uy izlashadi?

– Bunday tamoyil yo‘q. Izlanishlar davomida muhojirlarning uyni qanday tanlashini o‘rganganmiz. Ular qarindoshlari, tanishlari yashayotgan joylardan uyni ijaraga olishga intilishmaydi. Chunki, Moskvada bir-biriga yaqin bo‘lgan 2ta kvartirani ijaraga olish juda qiyin.

Bundan tashqari, muhojir ish joyiga yaqin yerdan uy topishga harakat qiladi. Bu bilan transport xarajatlari va politsiya bilan muammolardan qochadi.

– Muhojirlar qanday uy izlashadi? Kvartirami, xonami yoki yotoqmi?

– Bu kim izlayotganiga bog‘liq. Agar yaqinda kelgan yolg‘iz inson bo‘lsa, unga yotoq bo‘lsa yetarli. Shunchaki, tunab qolish uchun. Keyinroq do‘stlari bilan sherikchilik asosida boshqa uyni ijaraga oladi.

Ba'zan birlashib, bir necha odam bir kvartirada yashaydi. Kvartiralarni oilaviy ijaraga olishadi. Ba'zan boshqa xonalarini muhojirlarga ijaraga berishadi.

– Aytishlaricha Moskvada qirg‘izlar uchun maxsus ko‘chmas mulk agentliklari bor ekan.

«Qirg‘iz» riyeltorlari bir necha yil oldin paydo bo‘lishdi. Ularda ko‘zga ko‘rinarli ustunlik bor: o‘z mijozlarining talabi va ijaraga beruvchilarning xohishini yaxshi bilishadi.

Ya'ni ko‘plab ijaraga beruvchilar e'londa «faqat slavyanlar uchun» deb yozib qo‘yishini bilishadimi?

– Ha, albatta. Yaqinda uch xonali kvartiraning bir xonasida singlisi bilan yashayotgan qirg‘iz ayoli bilan gaplashdim. Bu kvartiraning yana bir xonasida 2 farzandli oila, ikkinchi xonasida 1 farzandli oila yashar ekan. Bu juda og‘ir. Qirg‘iz ayoli 2 oydan beri shu rayondan boshqa kvartira izlab topolmayapti. Chunki ijaraga beruvchilar ularning qirg‘iz ekanini bilgach, aloqani uzib qo‘yisharkan. Vaholanki bu ayollarning daromadi yaxshi, alohida kvartirada yashash imkoniyati bor.

Foto: Andrey Borodulin / «Kommersant'»

Mana shunday holatlarda «qirg‘iz» riyeltorlari foyda berishi mumkin. Chunki ular kim bilan nima haqda gaplashishni, odamlarni qanday ko‘ndirishni yaxshi bilishadi.

– Muhojirlarning «o‘z» yotoqxonalari bormi?

– «O‘z» deyish menimcha to‘g‘ri emas. 2012 yilda izlanish boshlaganimda, shunga o‘xshash yotoqxona bilan ishlaganman. Bu Moskva markazidagi eski bolalar bog‘chasi edi. U yerda qo‘shni hovilarni supuradigan odamlar yashagan. Ular birgalikda mehnat qilishgan, birga yashashgan. Hozir bu bog‘cha buzib tashlangan.

Masalan, badavlat o‘zbek, qirg‘iz yoki tojik biror binoni ijaraga olib, unga karavotlarni qo‘yib, o‘z yurtdoshlariga ijaraga berishi mumkinmi?

– Bunaqasini ko‘rmaganman. Ba'zan ish beruvchilar ishchilar uchun yotoqxona qurishadi. Bunday binolar ish joyiga bog‘langan, o‘z-o‘zidan mavjud emas.

Savdo markazlari haqida gapirdingiz. Muhojirlar to‘planadigan boshqa nuqtalar ham bormi? Masalan masjidlar?

Masjidlar – birinchidan, faqat erkaklar to‘planadigan joy. Ikkinchidan, faqat diniy ko‘rsatmalarga amal qiladiganlar uchun. Ammo sobiq ittifoq hududidan keladiganlarning hammasi ham unday emas. Shu tufayli masjidga borish – muhojirlarning ma'lum bir qismi qiladigan ish.

Umuman olganda esa mehnat muhojiri Moskvaning quyi ijtimoiy maqomga ega har qanday fuqarosi infratuzilmasidan foydalanadi.

Ular «Pyaterochka» va «Diksi»ga, savdo markazlariga borishadi. Chunki u yer chiroyli, qulay, arzon ovqatlanish mumkin. Magazindan kola olish, kafeda tovuq qanotini yeyish mumkin.

Kuzatib ko‘ring: yakshanba kunlari yirik savdo markazlarining restoran hovlilarida o‘rta osiyoliklar oilasi, do‘stlari bilan borib ovqatlanishadi, dam olishadi. Bu birgalikda to‘planib, suhbat qurish uchun yaxshi imkoniyat.

Foto: Kirill Zykov / «Kommersant'»

– «Birgalikda» dedingiz. Muhojirlar bilan mahalliy aholi o‘rtasidagi nikohga misol keltira olasizmi? Umuman olganda, ular moslashib ketishga harakat qilishadimi yoki yo‘qmi?

– Men moskvalik erkakka turmushga chiqqan muhojir ayollar bilan suhbatlashganman. Biri Qirg‘izistondan kelgan, turmushidan ajralgan ayol. Moskvada kommunal xo‘jaligi sohasida ishlab, xotinini yo‘qotgan va shu sohada ishlayotgan erkakka turmushga chiqqan. Ammo erkakning oilasi ularning turmushiga yomon munosabatda bo‘lgan, natijada ayol uydan ketgan... Xullas, turmushi buzilgan.

Ikkinchi holat ham shunga o‘xshash. Boshqa holatlarni eslolmayman. O‘rta Osiyodan kelayotgan muhojirlarning ko‘pchiligi yo oilalik bo‘ladi yoki shu yerda tanishib, oila qurishadi.

Tanishuvlar qanday yuz beradi?

– Ikki yil oldin Qirg‘izistondan Moskvaga kelgan juftlik bilan gaplashdim. Yigit va qizning ota-onasi 10 yildan beri Rossiyada yashamoqda. Yoshlar ularning oldiga ishlagani kelgan. Shunchaki ko‘chada tanishib qolishgan. Yonma-yon turgan uylarda yashayotganini bilib qolishgan. Ota-onalar ularning munosabatiga qarshi bo‘lgan, chunki Qirg‘izistonning boshqa-boshqa viloyatlaridan bo‘lishgan. Bu ular uchun muhim ekan. Ammo keyin oilalar uchrashib, gaplashib olishgan, umumiy qiziqishlar borligi aniqlangan. Yoshlar ham bir-biriga ko‘ngil qo‘yishgan. Natijada to‘y bo‘lgan.

– Ya'ni muhojirlar avvalo o‘z millatiga mansublar bilan munosabat o‘rnatishga intiladimi?

– O‘zgalar ularni qabul qilarmidi? Bu yoshlarning muloqot doirasi qanday? Qiz kun bo‘yi o‘ziga o‘xshagan, Markaziy Osiyodan kelgan ayollar orasida idish-tovoq yuvadi. Rus yigiti unga nazar solarmidi? Yigit esa magazinda yuk tashiydi va unga ikkinchi nav odamdek muomala qilishadi. Rus qizi unga e'tibor bergan bo‘larmidi?

Moskvada markaziy osiyolik muhojirlar uchun nikoh agentliklari, tanishuv xizmatlari bormi?

– Bunday agentliklarni bilmayman. Tanishuvlar odatda tasodifan, ijtimoiy tarmoqlarda, «VKontakte»da yoki aytaylik qirg‘iz diskotekalarida tasodifan yuz beradi.

– Moskvada o‘zbeklar yoki tojiklar uchun ham shunday joylar bormi?

– Ishonchim komil emas. Gap shundaki, Moskvada qirg‘izlarning infratuzilmasi ancha rivojlangan. Chunki ular orasida Rossiya fuqaroligini olganlar, o‘z kompaniyalari, firmalarini tashkil qilganlar ko‘p.

Foto: Anatoliy Jdanov / «Kommersant'»

Bundan tashqari, Qirg‘iziston – YeOII a'zosi. Bu esa shu mamlakat fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish va ishga kirishni yengillashtiradi. Siz «qirg‘iz klinikalari» haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak?

Keling «qirg‘iz» klinikalari haqida gaplashamiz. Ular nima uchun kerak? Muhojirlar davlat klinikalariga murojaat qilolmaydimi?

– Albatta, murojaat qila oladi. Ko‘pchiligida majburiy tibbiy sug‘urta ham bor. Xususiy klinikaga ham borishlari mumkin. Ammo gap shundaki, bu klinikalarda ularga muhojir, «ikkinchi nav odami» sifatida, mensimasdan qarashadi, muomala qilishadi. Bu ularga yoqadi deysizmi?

«Qirg‘iz» klinikalarida oddiy shifokorlar ishlaydi, u yerda xalq tabobati yo‘q. Oddiy ginekolog, oddiy urolog, oddiy stomatolog va xirurg, ya'ni yosh muhojirlarga kerak bo‘lgan mutaxassislar bor. Va ularning bari – qirg‘iz.

Muhojirlar shu joyga borishadi, chunki bilishadi: ularni kutishyapti, u yerda hech kim ularni kamsitmaydi. Ularga qimmat bo‘lmagan dorilarni tanlashda yordam qilishadi. Moskvada davolanish imkoni borligi yoki vataniga qaytishi kerakligini aniqlashadi. Homiladorlarga yordam berishadi.

Tug‘ishga keladigan bo‘lsak, ko‘plab muhojir ayollar vataniga qaytib ketadi. Chunki homilador ayol uchun Moskvada yashash qimmatga tushadi. Ishlash esa og‘ir. Chaqaloq uchun sharoitlar ham yetarli emas.

Agar muhojir ayol Rossiyaning tug‘ruqxonasiga kelsa, yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqiziladi. Chunki uning qo‘lida zarur tahlillar topshirilgani qayd etilgan tibbiy karta yo‘q.

– «Qirg‘iz» klinikalari faqat qirg‘izlar uchun ishlaydimi?

– Barcha muhojirlar uchun ishlaydi. Ammo u yerga asosan markaziy osiyoliklar borishadi. Ba'zi belaruslar tish davolatish uchun borganini ko‘rganman, chunki arzon. Stomatologlar esa qo‘shni uylardan nafaqadagi buvilar kelishini aytishgan.

Ko‘proq yangiliklar: