AQSh va Kanada o‘zaro bojlarni vaqtincha to‘xtatdi

Jahon 09:12 / 04.02.2025 3911

AQSh va Kanada rasmiylari bir kun avval o‘rnatilgan o‘zaro bojlarni vaqtincha olib tashlashdi. Ikki mamlakat yetakchilari 3 fevral, dushanba kuni bu haqda kelishib oldilar. Cheklovlar ikki kundan kamroq davom etdi.

Tramp va Tryudo bojlarni to‘xtatishga rozi bo‘lishdi

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo birinchi bo‘lib yig‘imlar vaqtincha bekor qilinishini e’lon qildi. U X ijtimoiy tarmog‘ida «prezident Tramp bilan yaxshi suhbatdan keyin» avval joriy qilingan tariflar «birgalikda ishlashda davom etar ekanmiz, kamida 30 kunga to‘xtatiladi» deb yozdi.

Donald Tramp TruthSocial'da «shanba kuni e’lon qilingan tariflar Kanada bilan yakuniy iqtisodiy kelishuv tuzilishi mumkinligini ko‘rish uchun 30 kunga to‘xtatiladi» deb yozdi.

Har ikki yetakchi, shuningdek, Ottava ikki davlat chegarasini himoya qilish va transchegaraviy narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish uchun 1,3 milliard dollar sarmoya kiritishini aytdi. «Kanada bizning shimoliy chegaramiz xavfsizligini ta’minlashga rozi bo‘ldi», deb yozgan Tramp.

Ontario provinsiyasining maxsus siyosati

Avvalroq Ontario bosh vaziri Dag Ford Trampning harakatlariga javoban AQSh firmalariga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishini va Ilon Maskning Starlink kompaniyasiga internet jihozlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bekor qilishini aytgan edi.

Dushanba kuni Ford ham javob tariflarini muzlatishi haqida e’lon qildi, ammo ularni qayta joriy etishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi. «Biz iqtisodiyotimizga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan tariflarni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydik, bu esa qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish uchun vaqt beradi», deb yozdi siyosatchi X ijtimoiy tarmog‘ida.

«AQSh bojlari to‘xtatilgach, Ontario ham bizning javob choralarimizni to‘xtatadi. Agar prezident Tramp tariflarni joriy etishda davom etsa, biz Ontariodagi do‘konlar peshtaxtalaridan Amerika mahsulotlarini olib tashlashdan yoki Amerika kompaniyalariga provinsiyamizdan tovarlar olib ketishni taqiqlashdan tortinmaymiz. Kanada va Ontario tariflar tahdidiga qarshi turadi», deya qo‘shimcha qildi Ford.

Ko‘proq yangiliklar: