O‘zbekiston ikkita sohada gender tengligiga erishdi – Senat

Jamiyat 18:48 / 31.01.2020 3486

O‘zbekistonda jamiyatning barcha sohalarida ayol va erkaklar teng huquqligini ta'minlashni maqsad qiluvchi 2020-2030 yillarda Gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinadi.

Bugun, 31 yanvar kuni hujjat muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri

Strategiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – barcha ayollar va qizlar, erkaklar va bolalar uchun ularning irqi, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, ijtimoiy mavqeyidan qat'i nazar ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotdagi fundamental inson huquqlarining ta'minlanishiga erishish hisoblanadi.

Davra suhbatini ochib bergan Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Feruza Eshmatovaning qayd etishicha, O‘zbekiston gender tengligi bo‘yicha 188ta davlat orasida 44-o‘rinni egallagan.

«Mamlakatda barcha sohalarda ayol va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlaridan foydalanishiga harakat qilinmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar misolida ham buni ko‘rish mumkin. Hozirda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasida gender tengligiga erishdi. Boshqa yo‘nalishlarda ham shu natijaga erishish uchun mazkur strategiya yordam beradi», – dedi Feruza Eshmatova.

Strategiyada 9ta maqsad qamrab olingan:

– ijtimoiy-siyosiy hayotda erkak va ayollarning ishtirok etishida teng imkoniyat va huquqlarni yaratish;
– ayol va erkaklarning iqtisodiyot, bandlik va mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishda gender tengligini ta'minlash;
– butun hayot davomida barcha uchun adolatli va sifatli ta'limni ta'minlash;
– barcha xotin-qizlar uchun gender tengligini ta'minlash, zo‘ravonlikdan himoyalash, odam savdosiga chek qo‘yish;
– barcha erkak va ayollar uchun ijtimoiy himoya, sog‘lom turmush tarzini ta'minlash;
– milliy gender statistikasini rivojlantirish;
– rejalashtirish va budjetlashtirishda gender masalasini inobatga olish;/
– OAVda gender muammolarining keng yoritilishini ta'minlash;
– barcha uchun xavfsiz ekologik muhitni ta'minlash masalalariga xotin-qizlarni jalb qilish.

Gender tenglikka erishish strategiyasi BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga asoslangan.

Hozirda hujjat bo‘yicha tegishli idora va tashkilotlarning fikrlari o‘rganilib, muhokama jarayoni olib borilmoqda. Strategiya shu yilning fevral oyida tasdiqlanishi kutilyapti.

Strategiyada qayd etilgan maqsadlarga 2030 yilgacha erishish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: