Mehnat migratsiyasi: joriy holat, muammolar va takliflar

O‘zbekiston 22:38 / 04.02.2025 721

O‘zbekiston uchun asosiy chaqiriqlardan biri bu – demografik dividenddan samarali foydalanish. Vaholanki, ishchi kuchining katta qismi yaxshi ish sharoitlari izlab xorijga migratsiya qilmoqda.

2023 yil dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondan mehnat migranti sifatida ketganlarning soni ikki million kishini tashkil etdi: 1 452 300 erkak (72,4 foiz) va 547 700 ayol (27,6 foiz). 2023 yilda O‘zbekistonga qaytgan migrantlar soni 218,8 ming kishiga yetdi (2022 yilda 214,8 ming kishi), chiqib ketgan migrantlar soni esa 233,2 ming kishini tashkil etdi (2022 yilda 221,5 ming kishi).

O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining aksariyati Rossiya Federatsiyasida (1,2 million kishi yoki umumiy migrantlar sonining 60 foiz), undan keyin Qozog‘iston (191,8 ming kishi yoki 10 foiz), Turkiya Respublikasi (113,8 ming kishi yoki 6 foiz), Janubiy Koreya (68,1 ming kishi yoki 3 foiz) va boshqa mamlakatlarda (424,4 ming kishi yoki 21 foiz).

O‘zbekistonning xorijdagi mehnat migrantlari qurilish (52,7 foiz), sanoat (12,8%), xizmat ko‘rsatish (9,7 foiz), umumiy ovqatlanish (6,9 foiz), savdo-sotiq (6,7 foiz), transport (4,3 foiz), qishloq xo‘jaligi (4,1 foiz) va boshqa sohalarda (2,8 foiz) band.

Jahon banki tomonidan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi doirasida olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mehnat migrantlari mavjud uy xo‘jaliklarining ulushi bugungi kunda qariyb 13 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 20 foizga yetgan. Shu bilan birga, Jahon banki ekspertlarining fikriga ko‘ra, migratsiya aholining kam ta’minlangan qatlamlarida va qishloq joylarida istiqomat qiladigan uy xo‘jaliklarida keng tarqalgan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 12,6 milliard AQSh dollarini tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga ko‘proqdir. Rossiyadan o‘tkazmalar 35 foizga oshib, 9,8 milliard dollarga yetdi, ammo uning ulushi 78 foizgacha kamaydi (Ukrainadagi mojaro boshlanishidan oldin bu ko‘rsatkich taxminan 90 foizni tashkil etardi). Qozog‘istondan 699 million dollar, AQShdan 470 million dollar (o‘sish 37 foizga), Janubiy Koreyadan 458 million dollar (+71 foiz), Turkiyadan 331 million dollar va Buyuk Britaniyadan 109 million dollar (+76 foiz) kelib tushgan.

Mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq muammolar va xatarlar

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga qo‘ra mehnat migratsiyasi sohasida kompleks yondashuvni talab qiluvchi quyidagi muammolar mavjud, jumladan:

Noqonuniy migratsiya. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijga chiqmoqchi bo‘lgan har bir kishiga qonuniy ish topish imkoniyatini yaratishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Qonuniy yo‘l topa olmagan muhojirlar vositachilarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi, bu esa noqonuniy migratsiya, ekspluatatsiya va odam savdosi xavfini oshiradi. Yaxshiroq hayot izlab, ular boshqa mamlakatlarga yo‘l olishadi, ammo ko‘pincha og‘ir mehnat sharoitlari, majburiy mehnat, huquqlardan mahrum bo‘lish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishning cheklanganligi kabi muammolarga duch kelishadi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sa’y-harakatlariga qaramay, 2023 yilda atigi 38,4 ming kishi (yoki jami chiqib ketgan migrantlarning 16,5 foizi) qonuniy ishga joylashish kanallaridan foydalangan, natijada 141 ta odam savdosi holati qayd etilgan bo‘lib, 193 nafar shaxs jabrlangan, bunda o‘zbekistonlik migrantlar asosan Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va BAA kabi davlatlarda ekspluatatsiyaga duch kelmoqda.

XMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilda butun dunyo bo‘ylab migratsiya yo‘nalishlarida 4317 nafar muhojir halok bo‘lgan. 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga oshib, 8565 nafarga yetdi. O‘zbekistonga kelsak, mas’ul vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2020 yilda xorijda yuz bergan baxtsiz hodisalar natijasida halok bo‘lgan 200 dan ortiq fuqarolarning jasadlari vatanga qaytarilgan. Migrantlar bilan bog‘liq eng fojiali hodisalardan biri 2018 yil 18 yanvar kuni Chimkent-Samara yo‘nalishida sodir bo‘lgan avtobusdagi yong‘in bo‘lib, natijada Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan 52 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 13 000 o‘zbekistonlik fuqarolar AQShga noqonuniy kirishga urinishda qo‘lga olinganligi kabi holatlar ham noqonuniy migratsiya muammosining avj olganligini va shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Migrantlarning huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoyalanmaganligi

So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik migrantlar Rossiyadagi hayoti va mehnat faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muammolarga tez-tez duch kelishmoqda. Eng keng tarqalgan qiyinchiliklar orasida ishchilarning ekspluatatsiyasi, tez-tez o‘tkaziladigan tekshiruvlar, maoshning to‘lanmasligi, me’yoriy ish vaqti rejimining buzilishi va boshqa mehnat huquqlarining buzilishi mavjud. Bu holatlar migrantlar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqarib, ularga munosib va xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish imkoniyatidan mahrum etadi.

2023 yilda Mehnat nizolarini hal etishga ko‘maklashish markazi tomonidan Rossiyadagi 400 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosiga mehnat nizolarida bepul yuridik yordam ko‘rsatilib, ularga qiyin sharoitlarda o‘z huquqlarini himoya qilishda yordam berildi. Masalan, Volgograd viloyatidagi ish beruvchiga nisbatan O‘zbekiston fuqarolarining shikoyatlari o‘rganilganda, migrantlarning hujjatlarini musodara qilish, ish haqini to‘lashni kechiktirish va ish kunlarini haddan tashqari uzaytirish kabi qonunbuzarliklar ish beruvchi tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.

Bunday holatlar nafaqat Volgograd viloyatida, balki Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham kuzatilmoqda, bu esa migrantlar huquqlarini yanada samarali himoya qilish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Til to‘sig‘i va malaka yetishmasligi ko‘pchilik migrantlarni past maoshli sohalarda ishlashga majbur qilmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan xorijda ro‘yxatga olingan mehnat muhojirlarining asosiy qismi qurilish sohasida vaqtinchalik ish bilan band (52,7 foiz). Shu bilan birga, malaka yetishmasligi migrantlarni axborot texnologiyalari, tibbiyot, muhandislik kabi yuqori maoshli sohalarda ishga joylashish imkoniyatlaridan mahrum qilmoqda.

Shuningdek, til to‘sig‘i sababli o‘zbekistonlik migrantlarning asosiy qismi ishlash uchun Rossiya va Qozog‘istonga ketmoqda. Tilni bilmaslik yaxshi yashash va ko‘proq daromad olish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan Yevropa va G‘arb mamlakatlariga mehnat migratsiyasi geografiyasini cheklamoqda. Masalan, Markaziy Osiyodan kelgan mehnat migrantining Moskvadagi o‘rtacha maoshi 54,5 ming rublni (taxminan $597 yoki 7,5 million so‘mni) tashkil qiladi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi minimal oylik maosh esa Bolgariyada 399 yevroni, Lyuksemburgda esa 2387 yevroni tashkil etadi. Bu esa mehnat migrantlarining imkoniyatlarini kengaytirish va ularning daromadlarini oshirish uchun til bilishning muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi.

Xalqaro amaliyot va xorijiy tajriba

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda taxminan 281 million xalqaro migrant mavjud bo‘lib, bu umumiy aholining 3,6 foizini tashkil etadi. Mojaro, zo‘ravonlik, siyosiy yoki iqtisodiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishi va boshqa ofatlar tufayli o‘z mamlakatlarini tark etayotganlar soni yanada ortib bormoqda. Biroq Jahon Banki ekspertlarining ta’kidlashicha, migratsiya farovonlik va taraqqiyotning kuchli manbai bo‘lishi mumkin: agar to‘g‘ri boshqarilsa, u yuboruvchi va qabul qiluvchi mamlakatlar uchun ham foyda keltiradi.

Xalqaro migrantlarni qabul qiluvchi (chap tomonda) va yuboruvchi (o‘ng tomonda) top 20 ta mamlakat:

Shuni ta’kidlash kerakki, pul o‘tkazmalari hajmi dunyo bo‘yicha 831 milliard dollarga yetdi, bu rivojlanayotgan mamlakatlarga berilayotgan rasmiy yordam va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmidan ancha ko‘pdir. O‘zbekiston bo‘yicha esa Markaziy bank ma’lumotlariga asosan, 2023 yilda iqtisodiyotga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 7,2 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsada, pul o‘tkazmalari hajmi 11,4 mlrd dollarga yetgan. Ushbu ko‘rsatkichlar migratsiyaning mamlakat iqtisodiy o‘sishidagi ahamiyatini yana bir bor tasdiqlab, uning milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolar farovonligini yaxshilashdagi muxim o‘rnini ko‘rsatmoqda.

“World Migration Report 2024” hisobotiga asosan, migratsiya inson taraqqiyotiga yordam beradi, migrantlarga ham, ularning oilalariga ham foyda keltiradi, chunki migrantlarning xorijdagi daromadlari aksariyat hollarda o‘z vatanidagi daromadlaridan ancha yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga, migrantlar ilm-fan, san’at va tadbirkorlikda asosiy o‘rinlarni egallab, jahon iqtisodiyoti va innovatsiyalarda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, yosh ishchilarning migratsiyasi yuqori daromadli va aholisi qariyyotgan davlatlarning pensiya tizimlariga tushadigan yukni kamaytirishga yordam beradi.

Mehnat migratsiyasi sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida ishchi kuchi eksporti bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblangan Filippin, Indoneziya, Pokiston va Hindiston tajribasi tahlil qilindi. Ushbu mamlakatlar tajribasini tahlil qilish mehnat migratsiyasini samarali tashkil etish amaliyotlarini aniqlash, uning kelib chiqqan va qabul qiluvchi mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’sirini baholash, shuningdek, migrantlarni tayyorlash, ularning huquqlarini himoya qilish va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish masalalarini ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Filippin. Tashkillashtirilgan migratsiya, asosan, xususiy agentliklar orqali amalga oshiriladi. Xususiy agentliklar yoshlar va kattalarga chet elda ish topishda yordam beradi. Ushbu agentliklar Filippinning chet elda ishga joylashish boshqarmasi (POEA) tomonidan beriladigan litsenziyaga ega bo‘lishi va belgilangan qonunchilik qoidalariga rioya qilish maqsadida 1 million peso miqdorida (taxminan 22 000 dollar) depozit qo‘yishi kerak.

Shu bilan birga, agentliklar ishga joylashish shartlarini kelishish va mehnat migratsiyasi qoidalarini to‘liq ochib berish majburiyatini oladilar. Shuningdek, agentliklar ish beruvchilar bilan birgalikda mas’uliyatni bo‘lishadi. Ish qidiruvchilar esa litsenziyaga ega xususiy agentliklarni DOLE tomonidan taqdim etilgan onlayn vosita orqali tekshirishlari mumkin.

Shuningdek, filippinliklar POEA, WorkAbroad.ph, JobStreet.com, OFWguru.com, Kalibrr va Seaman Jobsite kabi xorijda ish topish saytlarida ish izlashlari mumkin. Bu veb-saytlarning barchasi xavfsiz, qonuniy va Filippinning chet elda ishga joylashtirish boshqarmasi tomonidan nazorat qilinadi, bu esa ish izlash jarayonida xavfsizlikni ta’minlaydi.

Bundan tashqari, Filippinda mehnat migratsiyasini samarali tashkil etish maqsadida migrantlarni tillar, kasbiy ko‘nikmalar va madaniy moslashuvga faol tayyorlashga alohida e’tibor beriladi. Shuningdek, filippinlik ishchilarning yuqori malakali va intizomli mutaxassislar sifatida ijobiy imijini yaratishga qaratilgan faol marketing kampaniyasi ham amalga oshiriladi.

Indoneziya. Mehnat migrantlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yaxshilash maqsadida Indoneziya mehnat resurslari vazirligi Indonesian Migrant Workers Information System (SIPMI) ilovasini ishga tushirgan. Ushbu ilova nafaqat indoneziyalik mehnat migrantlar uchun xizmatlar sifatini yaxshilaydi, balki ularning oilalari uchun ham ma’lumotlardan qulay foydalanish imkonini beradi.

SIPMI ilovasi bir nechta asosiy funksiyalarga ega:

  • Imkoniyatlar va xavf-xatarlar to‘g‘risida ma’lumot: Foydalanuvchilar chet elda ishlash shartlari, shuningdek, xavfsiz migratsiya uchun huquqlar, majburiyatlar va zarur ko‘nikmalar bilan tanishishlari mumkin. Mazkur ma’lumotlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni chetlab o‘tish va asoslangan qarorlar qabul qilishga yordam beradi.
  • Favqulodda yordam: Favqulodda vaziyatlarda ilova orqali hamkasblar yoki mahalliy xizmatlar bilan tezda bog‘lanish mumkin, natijada ular zarur yordamni taqdim etadi. Ushbu funksiya qiyin vaziyatlarda migrantlar xavfsizligini ta’minlash uchun juda muhim.
  • Interaktiv imkoniyatlar: SIPMI orqali so‘rovlarda qatnashish va dolzarb ma’lumotlarni olish mumkin. Bu foydalanuvchilarga jamiyatda ishtirok etish va tajriba almashish imkonini beradi, bu esa migrantlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.
  • Oila bilan aloqa: Ilova migrantning hozirgi joylashuvi to‘g‘risida ma’lumotni oilasi va yaqinlari bilan almashish imkoniyatini beradi, bu esa vatandan uzoqda bo‘lgan migrantlarga ruhiy yordam ko‘rsatish uchun juda muhim hisoblanadi.
  • Moliyaviy baholash: Foydalanuvchilar o‘z xarajatlari va daromadlarini kuzatishi mumkin, bu esa shaxsiy mablag‘larni yaxshiroq boshqarish va budjetni rejalashtirishga yordam beradi. Shuningdek, bu migrantlar va ularning oilalarining moliyaviy barqarorligiga xizmat qiladi.

Hindiston. 2018 yilda Hindiston tashqi ishlar vazirligi kasb mahorati va tadbirkorlikni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda «Pre Departure Orientation Training» (PDOT) dasturini ishga tushirgan. Ushbu dastur emigrantlarga xorijga ishlash uchun jo‘natishdan oldin 8 soatlik bepul yo‘nalish beruvchi (oriyentatsion) kurslarda o‘qitishni nazarda tutadi. O‘quv kurslari ishlash mamlakatining odob-axloq qoidalari, migrantlarning huquqlari va Hindiston hukumati tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan tanishishni o‘z ichiga oladi. Mehnat migrantlari boradigan mamlakat madaniyati, tili va qonunlari to‘g‘risida ma’lumot oladi. Shuningdek, migrantlar ijtimoiy muhofaza markazlari va portallaridan, jumladan: Hindiston jamoatini rag‘batlantirish fondi (ICWF), Pravasi Bharatiya Bima Yojana (PBBY) sug‘urtasi, eMigrate va MADAD portallari, Pravasi Bharatiya Kendras (PBSKs) markazi hamda Hindiston elchixonalari va konsulliklaridagi 24 soatlik yordam liniyalaridan ma’lumot olish imkoni mavjud.

COVID-19 pandemiyasi cheklovlari va PDOT markazlariga tashrifdagi qiyinchiliklarga javoban Hindiston tashqi ishlar vazirligi Online PDOT modulini joriy etdi, bu modul emigrantlarga o‘ziga qulay vaqtda onlayn ta’lim olish imkonini berdi. Migrantlar onlayn yoki oflayn ta’limni tanlashlari va kursni tamomlaganlaridan so‘ng PDOT o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatni yuklab olishlari mumkin. Ushbu yangilik dasturning qamrovi va mavjudligini sezilarli darajada kengaytirib, xavfsiz va qonuniy migratsiyani ta’minlashga, shuningdek, hindistonlik migrantlarning huquq va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam berdi.

Bundan tashqari, 2022 yil dekabr oyida Germaniya va Hindiston migratsiya va mobillik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (MMPA) imzoladilar, mazkur bitim har ikki davlat uchun fuqarolarning harakatlanishini milliy qonunlarga muvofiq ta’minlanishini nazarda tutadi. Ushbu bitim ko‘nikmalarni uzatishni tartibga soladi, adolatli migratsiyani qo‘llab-quvvatlaydi va munosib mehnat tamoyillariga amal qilishga e’tibor qaratadi, malakali mutaxassislarni etik jihatdan ishga qabul qilishga ahamiyat beradi.

MMPA yosh hindistonlik migrantlarga Germaniyada professional tajriba orttirish, o‘qish yoki tayyorgarlikdan o‘tish imkoniyatini beradi, bu esa Germaniya mehnat bozorida malakali ishchilarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga yordam beradi. Shuningdek, turli toifadagi fuqarolar, jumladan, talabalar va stajyorlar uchun kirish va qolish shartlari, stipendiyalar, o‘qishdan keyingi vizalar va til kurslari haqidagi ma’lumotlar ham mavjud.

Pokiston. 1982 yilning may oyida Pokistonda Xorijda mehnat qilish va bandlik byurosi (BEOE) Davlat hayot sug‘urta korporatsiyasi bilan birgalikda kelajakda mehnat muhojirlari uchun sug‘urta dasturini joriy etdi. Har bir mehnat muhojiri 2500 rupiy miqdoridagi sug‘urta badalini to‘laydi va bu badal 5 yil davomida 1 000 000 rupiy miqdoridagi sug‘urta qoplamini ta’minlaydi.

Sug‘urta badalini to‘lagandan so‘ng, mehnat muhojiri Overseas Pakistanis Foundation tashkiloti a’zosiga aylanadi va bu unga bir qator imtiyozlar beradi. Masalan, ushbu a’zolik o‘z farzandlarini ta’lim muassasalariga berish imkonini beradi. Bundan tashqari, fond xodimlari xalqaro aeroportlarda yuridik va boshqa zarur masalalar bo‘yicha yordam ko‘rsatadilar. A’zolik, shuningdek, turar joy dasturlari doirasidagi imtiyozlarga, sanoat sektorida sarmoya kiritish imkoniyatlariga va baxtsiz hodisa, kasallik yoki o‘lim holatlarida moliyaviy yordam olish imkonini beradi.

2021 yilning dekabr oyida Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida Pokistonlik ishchilarni ishga joylashtirish va ularning malakasini baholash dasturi bo‘yicha ikkita bitim imzolandi. Birinchi bitim Pokistondan Saudiya Arabistoniga turli kasblar bo‘yicha ishchi kuchini yuborish jarayonini takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, bunda ishchilarning huquqlarini himoya qilish va ularga keng qamrovli yuridik yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ushbu bitim shartnomaviy nizolarni hal qilish va pokistonlik ishchilarni bandlik agentliklari va kompaniyalar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan himoya qilishga yordam beradi. Ikkinchi bitim esa Pokistondan Saudiya Arabistoniga malakali va sertifikatlangan ishchi kuchini yuborishni kengaytirishga qaratilgan.

Mehnat migratsiyasi samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar

Yuqorida keltirilgan migratsiya siyosatidagi muammolarni bartaraf etish hamda mehnat migratsiyasini yaxshilash bo‘yicha “O‘zbekiston-2030” Strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlarini sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari quyidagi choralarni ko‘rishni taklif etadi:

Birinchidan, demografik dividendni samarali foydalanish va mehnat migratsiyasiga bo‘lgan talabning ortib borishini inobatga olib, Filippin tajribasidan kelib chiqib, chet elda fuqarolarni ishga joylashtirishda xususiy bandlik agentliklarining ishtirokini kengaytirish taklif etiladi. Shu bilan birga, davlat ularning faoliyatini qat’iy nazorat qilishi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatiga aniq talablarni belgilashi kerak bo‘ladi.

Xususiy sektorni jalb etish natijasida fuqarolar o‘zlari uchun eng qulay variantlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, xususiy agentliklar rezyume tayyorlash, suhbat bo‘yicha maslahatlar va yangi ish sharoitlariga moslashish bo‘yicha xizmatlarni taklif qilishlari mumkin, bu esa nomzodlarning muvaffaqiyatli ishga joylashish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

Qonun hujjatlarida belgilangan migratsiya qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash uchun agentliklardan ularning aylanmasiga mutanosib miqdorda majburiy depozit talab qilinishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, xorijdagi taniqli rekruting kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilish orqali chet elda fuqarolarni ishga joylashtirish va ularning samarali mehnat faoliyatini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish. Bu esa fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish kanallarini diversifikatsiya qilishda muhim qadam hisoblanadi.

Adecco (Shveytsariya), Kelly Services (AQSh), Robert Half (AQSh), Randstad (Niderlandiya), Michael Page (Buyuk Britaniya) kabi rekruting kompaniyalari nomzodlarni baholash, suhbatlarni tashkil etish va ishga joylashtirish jarayoni davomida qo‘llab-quvvatlash kabi keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etish imkoniyatiga ega.

Uchinchidan, mehnat muhojirlari uchun Pokiston tajribasiga o‘xshash majburiy sug‘urta tizimini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish. Bu esa xorijda ish yo‘qotish, kasallik va o‘lim bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirishga yordam beradi.

Sug‘urta polisi shoshilinch tibbiy yordam, shu jumladan homiladorlik va tug‘ish, ishsizlik nafaqalari va murdani repatriatsiya qilish xarajatlarini qoplashni ta’minlashi lozim.

To‘rtinchidan, mehnat migrantlarining xabardorligini oshirish va huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 apreldagi PF-59-son Farmoniga muvofiq "Ishga marhamat" monomarkazlarida tashkil etilayotgan xorijiy tillar va kasbiy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘quv kurslariga qo‘shimcha ravishda Hindistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan dastur asosida bepul yo‘naltiruvchi o‘quv kurslarini joriy etish. Ushbu o‘quv dasturi til va kasbiy ko‘nikmalarni o‘rgatish bilan bir qatorda, qabul qiluvchi mamlakatning madaniyati, qonunchilik tizimi, ijtimoiy himoya va xavfsizlik choralari kabi muhim jihatlarni ham qamrab oladi.

Ta’lim olish imkoniyatini maksimal darajada ta’minlash uchun migrantlarga o‘zlari uchun qulay bo‘lgan shaklda ta’lim olish imkonini beruvchi onlayn modulni joriy etish tavsiya etiladi. Ushbu tashabbus nafaqat mehnat migrantlarining tayyorgarlik darajasini oshiradi, balki ularning qabul qiluvchi mamlakat jamiyatiga muvaffaqiyatli moslashish imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilaydi.

Beshinchidan, migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish, jumladan, mobil ilovalar va onlayn platformalar yaratish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish. Bu jarayonlarni soddalashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va, ayniqsa, chekka hududlardagi migrantlar uchun xizmatlardan foydalanishni osonlashtiradi.

Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi choralarni ko‘rish maqsadga muvofiq:

1. Indoneziya tajribasini moslashtirib, SIPMI ga o‘xshash mobil ilovani yaratish. Bu muhojirlar va ularning oilalariga zarur ma’lumotlarni tezda olish, yuzaga kelgan muammolarni hal qilish va chet elda o‘zlarini xavfsizroq his qilish imkonini beradi. Bunday ilova ishga joylashish va yangi sharoitlarga moslashish jarayonida ishonchli yordamchi bo‘ladi.

2. Foydalanuvchilarga mos bo‘sh ish o‘rinlarini oson topish hamda xorijda ishga joylashish bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi filtrlash funksiyalari, elektron ro‘yxatga olish va mobil versiyaga ega ish qidirish platformasini yaratish.

Chet elda ish topish uchun muvaffaqiyatli platforma sifatida foydalaniladigan Filippinning WorkAbroad.ph portalini namuna qilib olish. Mazkur platformada bo‘sh ish o‘rinlarining keng ma’lumotlar bazasi, qulay filtrlash tizimi va mobil ilovasi mavjud. Bundan tashqari, portal muhojirlar uchun foydali materiallarni taqdim etib, ularning yangi mehnat sharoitlariga moslashishiga yordam beradi.

Oltinchidan, tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasini ta’minlash maqsadida Germaniya va Hindiston hamda Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ishchilarni qabul qilish va ularning malakasini tekshirish dasturi bo‘yicha imzolangan Migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi hamkorlik bitimi (MMPA) kabi ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlarga erishish.

Bunda, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirishni jadallashtirish maqsadida mehnat migratsiyasi masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar darajasida ikki tomonlama bitimlar tuzish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.

Bunday kelishuvlar migrantlar huquqlarini himoya qilish, malakalarni o‘zaro tan olish va ishga joylashish sohasida hamkorlik mexanizmlarini o‘z ichiga olishi lozim. Bu migratsiya oqimlarini samarali boshqarish va jo‘natuvchi hamda qabul qiluvchi mamlakatlar mehnat bozorlarining ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi.

Jamshid Sharipov,
Ramziddin Nuriddinov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi mutaxassislari.

Ko‘proq yangiliklar: