Paxtachida toshdan oltin moddasi ajratish sexi faoliyati fosh etildi

Jamiyat 09:52 / 29.01.2020 15794

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida toshdan oltin moddasi ajratish sexi faoliyati fosh etildi.

«Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtachi tuman bo‘limi hamda tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan hamkorlikda, Paxtachi tuman Sohilbo‘yi ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro J.Q. va boshqalar «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasiga qarashli «Qoraqo‘ton» tog‘ tizmasidagi maxsus hududdan yashirin ravishda tarkibida qimmatbaho oltin moddasi bo‘lgan tosh xomashyosini o‘g‘irlik yo‘li bilan kavlab olib, «I.E» MChJ.ga qarashli issiqxonada yashirin sex tashkil qilib, tosh mahsulotlarini qayta ishlash orqali oltin moddasini ajratib olish faoliyati bilan shug‘ullanib kelganliklari aniqlanib, ulardan 445 kg. tog‘ toshlari, 666 kg. qum hamda tog‘ jinslarini bo‘laklash va maydalashga mo‘ljallangan qo‘lbola usulda yasalgan tegirmon va boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasining kimyoviy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan qum va toshlarning tarkibida ma'lum miqdorda oltin moddasi mavjudligi aniqlanib, ularning umumiy qiymati 12,2 mln so‘mni tashkil etgan», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Mazkur holat yuzasidan J.Q. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: