Qozog‘iston Transport vazirligi Oqtov aeroporti yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines (AZAL) bortining qulashiga oid dastlabki hisobotni e’lon qildi.
Hujjat 53 varaqdan iborat. Unda Embraer 190 samolyoti ishtirokida 25 dekabrda sodir bo‘lgan aviahalokat tergovining dastlabki natijalari keltirilgan. Bort Bokudan Grozniyga uchayotgan bo‘lgan.
«Ushbu hisobotda keltirilgan ma’lumotlar dastlabki bo‘lib, tadqiqot natijalari va barcha materiallarni o‘rganish asosida to‘ldirilishi hamda qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Ishlar yakunlangandan keyin aviatsiya hodisasining tegov natijalari bo‘yicha yakuniy hisobot tayyorlanadi», — deyiladi hujjatda.
Hisobotda qayd etilishicha, komissiya samolyot konstruksiyalariga yetkazilgan zararni batafsil tekshirishni davom ettirmoqda.
«Saqlanib qolgan qismlarni dastlabki ko‘zdan kechirishlar davomida fyuzelyajning quyruq qismi, kil va stabilizatori, balandlik va yo‘nalish rullarida turli o‘lcham hamda shakldagi shikastlanish holatlari aniqlandi. Havo kemasining chap dvigateli va chap qanotida, shuningdek, agregatlar va kompotentlarida ham shu kabi shikastlar qayd etilgan. Ayrim joylardagi shikastlanishlar to‘g‘ri to‘rtburchak shakliga ega», — deyiladi hisobotda.
Komissiya gidravlik tizimga ham shikast yetganini aniqlagan va bu tashqi obekt ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Hisobotda, shuningdek, uchuvchilarning dispetcherlar bilan suhbati, aeroportlar va ob-havo ma’lumotlari keltirilgan.
Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines samolyoti 25 dekabrda Oqtov shahriga majburiy qo‘nish vaqtida halokatga uchragan edi. Hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan. Euronews va Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotning qulashiga Rossiyaning Havo hujumidan mudofaa tizimlari sababchi bo‘lgan.
Halokat sabablari hozirgacha rasman e’lon qilinmadi. Shu bilan birga Rossiya prezidenti Vladimir Putin halokatdan ko‘p o‘tmay Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, «Rossiya havo makonida sodir bo‘lgan fojia» uchun uzr so‘ragan edi. Aliyev esa Rossiya samolyotning qulashida «o‘z aybini tan olishi kerakligini» ma’lum qilgan.
AZAL samolyoti halokatidan keyin bir qator xorij aviakompaniyalari Rossiyaga reyslarini bekor qildi. Xususan, Azerbaijan Airlines RFning qator shaharlariga parvozlarini to‘xtatib qo‘ydi.
Yanvar o‘rtalarida AZAL aviakompaniyasining Oqtov yaqinida halokatga uchragan samolyoti qora qutilaridan Braziliyada olingan ma’lumotlar Qozog‘istondagi maxsus komissiyaga berilgan. Registratorlarning Qozog‘istonga yetib kelgan ma’lumotlari mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Avvalroq Qozog‘iston Transport vazirligi aviahalokatning dastlabki sabablari 30 kun ichida e’lon etilishini ma’lum qilgandi.