Suriyaning vaqtincha prezidenti Ahmad ash-Shar’a va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada uchrashuv o‘tkazadi. Tomonlar Suriya markazida Turkiya aviabazalari tashkil etish hamda Suriyaning yangi armiyasini o‘qitishni ham o‘z ichiga oluvchi qo‘shma mudofaa paktini muhokama qilishi kutilmoqda.
Avvalroq ash-Shar’a Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon va Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniy bilan uchrashgandi.
Mudofaa sohasidagi bo‘lajak muzokaralar haqida Reuters agentligi to‘rt manba, jumladan Suriya xavfsizlik xizmati xodimiga (rasmiy bayonot berishga vakolati yo‘qligi tufayli anonimlik sharti bilan ma’lumot berishga rozi bo‘lgan) tayanib xabar bergan.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, yangi pakt Suriya markaziy qismidagi Badiya sahrosida turklarning ikkita aviabazasi tashkil etishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Bu kelishuv Turkiyaga Suriya havo hududidan harbiy maqsadlarda foydalanish va Suriyaning yangi armiyasi qo‘shinlarini tayyorlashda yetakchi rol o‘ynash imkonini beradi (Suriyaning yangi rahbariyati armiya va turli isyonchi guruhlarni tarqatib yubordi va ularni yangilangan harbiy qo‘mondonlik ostida birlashtirish ustida ishlamoqda).
Suriya prezidentining rasmiy vakili Reuters agentligiga aytishicha, Ash-Shar’a Erdo‘g‘an bilan «Turkiya tomonidan yangi Suriya armiyasini tayyorlash, shuningdek, hamkorlikning yangi sohalari»ni (aynan qanday sohalar ekaniga aniqlik kiritilmagan) muhokama qiladi.
Turkiya prezidentining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Faxriddin Oltin dushanba kuni Erdo‘g‘an va ash-Shar’a Suriyadagi so‘nggi voqealar va Suriya iqtisodiyotini tiklash hamda mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikka erishish bo‘yicha mumkin bo‘lgan qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qilishini aytdi.
NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya uzoq vaqtdan beri Suriyadagi qurolli va siyosiy muxolifatni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Anqara Asadning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi Eron ketishi bilan yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirish va o‘z ta’sir doirasini kengaytirish orqali yangi Suriyada muhim rol o‘ynashga intilmoqda. Bu, o‘z navbatida, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari bilan raqobatga olib kelishi va Isroilni sergak torttirishi mumkin, deya qayd etadi Reuters.
Suriya shimoli-g‘arbida joylashgan, 2017 yildan buyon ash-Shar’a boshchiligidagi koalitsiya tomonidan boshqarilgan Idlib anklavida Turkiyaning harbiy mavjudligi sezilarli darajada bo‘lib, uning shimolida Turkiya harbiy bazalari joylashgan.
Dekabr oyida Turkiya mudofaa vaziri Yashar Guler Anqara «agar [Suriyaning yangi] ma’muriyati buni so‘raydigan bo‘lsa, kerakli yordamni ko‘rsatishga tayyorligi»ni aytgan.
Saudiya Arabistoniga tashrif va Qatar amiri bilan uchrashuv
Yakshanba kuni Suriyaning vaqtincha prezidenti Ahmad ash-Shar’a ilk xorijiy safari davomida Ar-Riyodda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon bilan uchrashgandi.
Yozma bayonotda Shar’a shahzoda bilan gumanitar va iqtisodiy hamkorlikni, shuningdek, «energetika, texnologiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida kelajak uchun keng ko‘lamli rejalar»ni muhokama qilganini ma’lum qilgan.
Saudiya davlat axborot agentligida e’lon qilingan bayonotda esa tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash va mintaqadagi voqealarni muhokama qilgani aytilgan.
Asad rejimi ag‘darilganidan keyin ash-Shar’a va Suriyadagi boshqa rasmiylar G‘arbdagi va arab davlatlari rahbarlari bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. Bu sa’y-harakatlarda Ar-Riyod yetakchi rol o‘ynamoqda. Yanvar oyi boshida Saudiya Arabistoni Suriyaning yangi tashqi ishlar vaziri hamda mudofaa vazirini qabul qilgan, shuningdek oy oxirida Suriya, boshqa arab davlatlari hamda g‘arblik mulozimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgandi.
Ahmad ash-Shar’a Saudiya Arabistoniga tashrifidan bir necha kun oldin Damashqda Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyni qabul qilgandi. Bu 8 dekabr kuni Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyingi davrda boshqa davlat rahbari Suriya poytaxtiga ilk bor kelishi bo‘lgandi.
Shayx Tamim ash-Shar’a bilan uchrashuvda «Suriya xalqining barcha qatlamlarini ifodalovchi hukumatni zudlik bilan shakllantirish zarurligi»ni ta’kidladi, deyiladi Qatar amiri saroyi bayonotida.
Arab yetakchilari bilan munosabatlarning iliqlashuvi Bashar Asad davrida yuzaga kelgan vaziyatga nisbatan sezilarli siljishdir. 2011 yilda hukmron tuzum norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirishi ortidan Arab davlatlari ligasi Suriyaning a’zoligini 10 yildan ortiq muddatga to‘xtatib qo‘ygandi.