Foto: Farg‘onada bemor va onasi tibbiyot xodimlariga hujum qildi

Jamiyat 12:00 / 29.01.2020 36573

Dastlabki o‘rganishlardan ma'lum bo‘lishicha, voqea ultratovush tekshiruvi (UTT) o‘tkaziladigan xonada yuz bergan. Ultratovush tekshiruvi o‘tkazuvchi shifokor Mashhura Toshmatova va unga biriktirilgan hamshira Matluba Ma'murova bemorlarni navbat bilan qabul qilishayotganda bemor qiz va uning onasi tibbiyot xodimlariga tajovuz qilib, hamshiraga jarohat yetkazgan.

«Fuqarolarni navbat bilan qabul qilib tekshiruvdan o‘tkazayotgan edik. Navbat 1992 yilda tug‘ilgan bemor qizga yetib kelganida, u bilan birga xonaga yosh bola ko‘targan ona ham kirdi. Yosh bolali ayol bolasi kasalligi, injiqlik qilib tinimsiz yig‘layotgani, tashqarida ham 3 yoshli farzandi sovuqda izillab turgani, ikkita bola bilan qiynalib ketganini aytib, navbatsiz ko‘rikdan o‘tkazib qo‘yishni iltimos qildi. Shunda men navbati yetib kirgan qizga «Agar rozi bo‘lsangiz shu bolali ayolni sizdan oldin ko‘rib qo‘ysam», deb ruxsat so‘radim. Qiz esa taklifimga ko‘nmay, o‘zining kasal ekanini aytib, navbatini bermadi. Shu bois uning o‘zini tekshirishni boshladim. Shu jarayonda qizga yosh bolali ayolga navbatini bersa, qanchalik savob ish qilgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirib nasihat qildim», – deydi shifokor Mashhura Toshmatova.

«Ma'lum bo‘lishicha, shifokor qizni puxta tekshiruvdan o‘tkazib, belgilangan tartibda tashxisni yozib beradi. Qiz esa eshitgan nasihatidan asabiylashib, xonadan chiqib ketadi. Ko‘p o‘tmay xonaga yoshi katta bir ayol bilan kirib keladi. Ayol uning onasi bo‘lib, birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tgani kelishgan ekan.

Ayol UTT xonasiga kiriboq «Nega qizimni haqorat qilasanlar?» deb baqira boshlaydi. Tibbiyot xodimlari vaziyatni harchand tushuntirishsa ham, ayol ularni eshitmay UTT shifokoriga elektr choynakni otib yuboradi. Shunda hamshira ayolni tinchlantirmoqchi bo‘lib, uning yoniga kelganida jazavaga tushgan ona va bola hamshiraga ochiqchasiga tajovuz qilib, qo‘li bilan urib, oyoqlari bilan tepib tan jarohati yetkazadi. To‘polonni eshitib boshqa xodimlar xonaga chiqib, ona va bolani tashqariga bazo‘r olib chiqib ketadilar. Poliklinika ma'muriyati darhol tez tibbiy yordam bo‘limiga, voqea haqida profilaktika inspektoriga xabar berishdi.

Tez yordam mashinasi kelib, yuzi qonga belanib, hushidan ketgan hamshirani o‘ziga keltirib, birinchi yordam ko‘rsatgach, og‘ir holatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib ketishadi.

Filialda bemorni neyroxirurg va boshqa malakali mutaxassislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazilib, «Yopiq kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, burundan qon ketishi» tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga statsionar davolanish uchun yotqizildi. Hozirda malakali shifokorlar tomonidan bemorga zarur davo muolajalari amalga oshirilmoqda», deyiladi xabarda.

Hudud profilaktika inspektori, leytenant Abduvali Qo‘chqorovning ma'lum qilishicha, hozirda mazkur holat bo‘yicha zarur hujjatlar yuritilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

«Shuni ta'kidlash joizki, yuqoridagi janjalkash ona-bola tomonidan o‘tgan yil 18 yanvar kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali 3-tez tibbiy yordami podstansiyasi hamshirasi Dilafro‘z Bozorovani ham sababsiz haqorat qilib, tahdid qilganda arang qochib qolganligi qayd etilgan. Ushbu holatga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan edi. O‘ylaymizki, bu safar mazkur voqeaga tez orada huquqiy baho beriladi.

Joriy yil 24 yanvar kuni davlatimiz rahbari Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasida ham barcha soha va yo‘nalishlar haqida to‘xtalar ekan, tibbiyot xodimlarining maqomi va obro‘ini oshirish kerakligiga alohida e'tibor qaratdilar. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonliklarga to‘xtalib, bu bizning mentalitetimizga umuman to‘g‘ri kelmasligini, buni hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini, shu bois, shifokorlarning maqomi va obro‘sini oshirish shartligiga urg‘u berdilar. 

Darhaqiqat, kimgadir tajovuz qilishga, ayniqsa vazifasini bajarayotgan va diqqat e'tibori bemorda bo‘lgan shifokorga nisbatan samosud uyushtirishga hech kimning haqqi yo‘q. Fuqarolarimiz ham insonlar salomatligi yo‘lida kun-u tun xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlari mehnatini qadrlashi va bu borada qonun ustuvorligini ta'minlashga hamda qat'iy jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga o‘z hissalarini qo‘shishsa, ayni muddao bo‘lardi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: