Yosh iste'dodlarga litsenziya bepul beriladi - «O‘zbekkonsert»

Jamiyat 17:09 / 28.01.2020 5023

San'at sohasida o‘zini sinash ishtiyoqida bo‘lgan iste'dodli talaba-yoshlarga o‘z faoliyatini qonuniy asosda boshlash uchun bepul litsenziyalar taqdim etiladi. Bu xususida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi rahbari Odiljon Abduqahhorov yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvda ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shiqchilik sohasida iste'dodini namoyish etmoqchi bo‘lgan yoshlar o‘z qonuniy faoliyatlarini boshlab olishlari uchun ularga bir yil muddatgacha bepul litsenziya beriladi.

«Bunday imtiyozli amaliyot yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati samarasi o‘laroq ilk marta amalga oshirilmoqda. Yoshlardan talab etiladigan narsa faqatgina iste'dod xolos», deya Odiljon Abduqahhorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, qayd etilishicha, iste'dodli yoshlar «O‘zbekkonsert» davlat muassasasining respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan tegishli ovoz yozish studiyalari xizmatlaridan bepul tarzda foydalanishlari mumkin.

«Haftaning har seshanba va juma kunlari soat 9:00dan 18:00ga qadar yoshlar o‘z ijod mahsullarini yaratish uchun ovoz yozish studiyasidan foydalanishlari mumkin», deya ta'kidlagan «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: