«Human» agentligi ishi: jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar proporsional ravishda qisman qaytariladi

Jamiyat 15:30 / 28.01.2020 11603

27 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida «Human» xususiy bandlik agentligi rahbari Shohnur Fayzullayevga hukm o‘qildi. Mazkur ishni ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayrulla Raxmonov kun.uz saytiga intervyu berib, jinoyat ishining ayrim tafsilotlariga to‘xtaldi.

Jumladan, Sh.Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b, v» bandlari, 189-moddasi 1-qismi, 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga JKning:

168-moddasi 3-qismi «b, v» bandlaridagi aybi uchun - 8 (sakkiz) yil ozodlikdan mahrum qilish;

189-moddasi 1-qismidagi aybi uchun - oyik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil axloq tuzatish ishlari;

243-moddasidagi aybi uchun 8 (sakkiz) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, JKning 59, 61 -moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 10 (o‘n) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi hamda jazo muddati 2019 yil 19 sentyabrdan boshlab hisoblanishi belgilangan.

Ish bo‘yicha jami 1080 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan 21 milliard 192 million 15 ming 383 so‘m undirilishi belgilandi.

Dastlabki tergov organi tomonidan band solingan va IIV Tergov Departamentining depozit hisob raqamida saqlanayotgan 1 290 913 279 so‘m pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashga qaratilib, proporsional tarzda taqsimlab berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Sh.Fayzullayev tomonidan jinoiy faoliyati davrida sotib olingan jami 5 milliard 421 million 751 ming 752 so‘mga baholangan mol mulklar, ya'ni

  • 263 552 602 so‘mga baholangan Toshkent shahar Sergeli tumani, 8- mavze, 23-uy, 16-xonadon;
  • 317 416 629 so‘mga baholangan Toshkent shahar M.Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 109/22-uy;
  • 466 762 070 so‘mga baholangan Toshkent shahar Olmazor tumani, Sebzor Ts-17/18 mavze, 4a-uy, 14-xonadon;
  • 4 031 306 451 so‘mga baholangan Toshkent viloyati, Zangiota tumani, A.Navoiy ko‘chasi, 75-uy;
  • 190 000 000 so‘mga baholangan davlat raqami 01 O 418 OV bo‘lgan «Captiva» rusumli avtomashina;
  • 114 000 000 so‘mga baholangan davlat raqami 01 V 296 OV bo‘lgan «KIA» rusumli yuk avtomashinasi,
  • 122 314 000 so‘mga baholangan davlat raqami 10 O 400 AA bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomashinasi,
  • 87 400 000 so‘mga baholangan davlat raqami 01 V/ 688 G‘V bo‘lgan «Kobalt» rusumli avtomashinasi majburiy ijro organlari orqali sotuvga qo‘yilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda (ya'ni real pul mablag‘i summasini yetkazilgan umumiy zarar miqdoridagi hissasi hisobidan 1080 nafar jabrlanuvchilarga teng miqdorda taqsimlab berishi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, sud hukmida jabrlanuvchilarga mazkur ish bo‘yicha yetkazilgan boshqa moddiy va ma'naviy zararlar, jumladan viloyatlardan Toshkent shahriga kelib-ketish va Toshkent shahrida vaqtinchalik yashash, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va boshqalar uchun qilingan sarf-xarajatlar yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Ko‘proq yangiliklar: