Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritiladi

Iqtisodiyot 08:43 / 15.01.2020 3797

“Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi. Tegishli qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 22 iyunda qabul qilingan “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonuni 10-moddasida (Emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun yig‘im):

birinchi qism quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda emitent mazkur chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar nominal qiymatining 0,01 foizi miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga yig‘im to‘laydi.”.

Amaldagi tahrirga ko‘ra, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning dastlabki chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda emitent mazkur chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar nominal qiymatining 0,01 foizi miqdorida respublika budjetiga yig‘im to‘laydi.

10-modda ikkinchi qismidagi “respublika budjetiga” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga” so‘zlari bilan almashtiriladi.

Amaldagi tahrir: ilgari ro‘yxatdan o‘tkazilgan chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning nominal qiymati oshirilgan taqdirda, emitent mazkur chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar nominal qiymati oshgan summasining 0,01 foizi miqdorida respublika budjetiga yig‘im to‘laydi.

16-moddaning (Qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlarni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish) uchinchi qismdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga” so‘zlari bilan almashtiriladi.

Hozirgi tahrir: Fond birjasida emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar tuzilganda sotuvchi (bundan emitent mustasno) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga bitim summasining 0,01 foizi miqdorida yig‘im to‘laydi. Bunda sotuvchining, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentining tuzilgan bitim bo‘yicha daromadlariga yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: