«Erdo‘g‘an hamma narsamni tortib oldi». Turkiya milliy jamoasi afsonasi AQShda kirakashlik qilmoqda

Sport 20:54 / 13.01.2020 77183

Turkiya milliy jamoasining sobiq futbolchisi Hoqon Shukur futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan bir necha yil o‘tib, hayoti qanday kechayotganligi haqida gapirib berdi. Bu haqda Mundo Deportivo xabar bermoqda.

Hoqon Shukur 2016 yilda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni ochiq tanqid qilgani uchun muammolarga uchragandi. Uni Amerikada yashovchi turkiyalik yozuvchi va jamoat arbobi Fatxulla Gyulen bilan aloqadorligi uchun terrorchilik tashkiloti a'zosi sifatida ayblashgandi.

Bu voqealardan keyin Hoqon Amerikaga ko‘chib, San-Fransiskoda qahvaxona ochishga qaror qildi. Ammo, qahvaxonaga ham «noma'lum shaxslar» kela boshlagach, sobiq futbolchi politsiya himoyasiga olindi, uning ishi bilan esa FQB shug‘ullandi. Oxir-oqibat turk futboli afsonasi Vashingtonga ko‘chib o‘tib, kitob sotuvi va kirakashlik bilan shug‘ullana boshladi.

«Yangi ishlarga ko‘nika boshlayapman. Hech qayerda hech narsam qolmadi. Erdo‘g‘an hamma narsamni tortib oldi. Erkin yashash, o‘z fikrimni bildirish, o‘zim istagan joyda ishlash haq-huquqlarim poymol qilindi», - deya Hoqon Shukurning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Mundo Deportivo nashri.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya milliy jamoasi safida 51ta gol urgan Hoqon Shukur mamlakat jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar sanaladi. 48 yoshli sobiq futbolchi 1987 yildan 2008 yilga qadar faoliyati davomida «Sakaryaspor», «Bursaspor», «Galatasaroy», «Torino», «Inter», «Parma» va «Blekbern» kabi klublar sharafini himoya qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: