Erdo‘g‘an Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini «ko‘mishga» va’da berdi

Jahon 20:52 / 25.12.2024 2552

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an parlamentda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi a’zolari bilan muloqot chog‘ida Suriyadagi kurd qurolli guruhlar yo qurollarini tashlaydi yoki «ko‘miladi» dedi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, Anqara «Suriyadagi terrorchilik tashkilotlarini», birinchi navbatda, IShID va Kurdiston ishchilar partiyasini (KIP) yo‘q qilishga qat’iy qaror qilgan. Bu ikkala guruh ham, Erdo‘g‘an so‘zlariga ko‘ra, Turkiya va Suriyaning omon qolishiga tahdid soladi.

«Bu separatist-jinoyatchilar yo qurollarini tashlaydi yoki qurollari bilan birga Suriya tuprog‘ida dafn etiladi. Biz bilan kurd birodarlarimiz orasiga qonli devor qurmoqchi bo‘lgan terror tashkilotini yo‘q qilamiz», dedi u.

Turkiya AQSh bilan ittifoqdosh Suriya demokratik kuchlarining (SDF) asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan kurd Xalq mudofaasi bo‘linmalarini (YPG) mamlakatga qarshi isyon olib borayotgan Kurdiston ishchilar partiyasining bir bo‘lagi deb biladi.

«Na Suriya xalqi, na yangi ma’muriyat, na biz KIP/YPG terror tashkilotining yakka o‘zi harakat qilishiga va o‘zi uchun sharoit yaratishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi Turkiya mudofaa vaziri Yoshar Guler. U YPG guruhining yo‘q qilinishini Turkiya hukumatining ustuvor vazifasi deb atadi.

Bashar Asad ketganidan beri Anqara Suriya kelajagida YPG guruhiga o‘rin yo‘qligini ta’kidlab, uni tarqatib yuborishni talab qilib kelmoqda. KIP – Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terror tashkiloti deb topilgan.

Ko‘proq yangiliklar: