Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqidagi qaror loyihasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilib, muhokama uchun QHTBT portalida joylashtirilgan.
Norma’ning yozishicha, quyidagilar taklif etilmoqda:
birinchidan, yirik soliq to‘lovchilar toifasidan tijorat banklari filiallarini chiqarib tashlash;
ikkinchidan, yirik soliq to‘lovchilar toifasiga hozirgi kunda sof tushumi o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar kiradi. Ketma-ket keladigan 12 oylik davrda shuncha miqdorda tushumga ega korxonalarni ham ular jumlasiga kiritish taklif qilinmoqda;
uchinchidan, DSQ Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishgan holda yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritish va ro‘yxatidan chiqarishga haqli bo‘ladi. Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati esa joriy yilning 1 sentyabriga qadar Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Loyiha 2020 yil 21 yanvarga qadar muhokama qilinadi, fikr-mulohaza va takliflar asosida o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.