Xizmat safari bilan Toshkentdan Moskvaga poyezd orqali borishga to‘g‘ri keldi. Xuddi shuningdek, qaytish ham poyezdda bo‘ldi. Ta'kidlash o‘rinliki, Rossiyaning ikki shahriga ham poyezdda bordim. Maqsad, ularning poyezd tarkiblaridagi vagonlarda hojatxonalar bilan bog‘liq vaziyat qandayligini ko‘rish edi.
E'tirof etish kerak, har bir vagonda, hattoki, o‘rindiqli vagonlar hojatxonalari bugungi talabiga mos ravishda biohojatxonalar edi. Tozalik, gigiyena vositalari haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Shu o‘rinda, Toshkent-Moskva-Toshkent poyezdi xalqaro qatnov ekanini inobatga olsak, bu tarkibga qo‘yilgan vagonlarning hojatxonalari biohojatxona bo‘lishi lozimligini nafaqat men, balki bizga yo‘ldoshlik qilgan barcha yo‘lovchilar, ayniqsa, qariyalar va ayollar qayta-qayta ta'kidlashdi. Qolaversa, davlat chegaralarini kesib o‘tish chog‘ida, har bir chegara o‘tkazuv punktida o‘rtacha 4 soatdan qolinadi. Endi, bu vaqt mobaynida, vagon hojatxonalari qulflanishi, chegarachilar, qanchalik yalinmang, tashqaridagi hojatxonaga tushishga ruxsat bermasligini, siz yoki farzandingiz, ayollar yoxud keksalar hojatga zarurati paydo bo‘lib qolishini bir tasavvur qilib ko‘ring-a?
Xullas, gapni ko‘paytirmadim, O‘zbekiston temir yo‘llari vagonlarida qachon biotualetlar paydo bo‘ladi? Mahalliy va halqaro turizmni rivojlantirishni, umuman, insonga xizmat qilishni bosh maqsad qilgan ekanmiz, bu suv-havodek zarur.