2019 yil 28 dekabr kuni soat taxminan 14:30da 20 yoshli F.J. boshqaruvidagi «Nexia-2» rusumli avtomashinasida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Ko‘ktosh mahallasidan o‘tuvchi «4R-84 Yakkabog‘-Chiroqchi» yo‘li bo‘ylab harakatlanib kelib o‘zidan oldinda ketayotgan avtomashinani quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, shu vaqtda yo‘lning 35-km.da 41 yoshli I.N. boshqaruvidagi «Kamaz» rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
Natijada «Nexia-2» rusumli avtomashina haydovchisi F.J. va 3 nafar yo‘lovchi hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etishgan.
Holat yuzasidan Chiroqchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.