Markaziy bank asosiy stavka va foiz koridorini joriy etyapti

Iqtisodiyot 17:27 / 27.12.2019 24748

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkani joriy etmoqda va pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz koridorini belgilayapti.

Markaziy bankning Boshqaruvi qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha Markaziy bankning asosiy stavkasi va foiz koridori joriy etiladi.

Bunda, asosiy foiz stavka qayta moliyalash stavkasining joriy ko‘rsatkichi – 16 foiz va foiz koridori ± 1 foiz bandi darajasida belgilandi.

Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi amaliyotda o‘z kuchini saqlab qoladi hamda qonunchilikda ko‘rsatib o‘tilgan, shuningdek boshqa holatlarda uning miqdori asosiy stavkaga teng darajada qabul qilinadi.

Markaziy bankning operatsion maqsadi asosiy stavka hamda pul-kredit operatsiyalari yordamida banklararo pul bozori foiz stavkalarini samarali boshqarish hamda uning belgilangan foiz koridori doirasida bo‘lishini ta'minlash hisoblanadi.

Pul bozori foiz stavkalarining keskin tebranishlarining oldini olish, ularning o‘rnatilayotgan foiz koridori doirasida yoki asosiy foiz stavkasiga yaqin darajada shakllanishini ta'minlash maqsadida Markaziy bank tomonidan quyidagi pul-kredit operatsiyalaridan (instrumentlaridan) foydalaniladi:

doimiy tusdagi 1 kunlik (“overnayt”) valutaviy SVOP va RePO operatsiyalari, o‘zgarmas foiz stavkada taqdim etiladi hamda foiz koridorining yuqori chegarasini (asosiy stavka + 1 foiz band) belgilab beradi;

doimiy tusdagi 1 kunlik (“overnayt”) depozit operatsiyalari, o‘zgarmas foiz stavkada taqdim etiladi va foiz koridorining quyi chegarasini (asosiy stavka - 1 foiz band) belgilab beradi;

2 haftagacha muddatga ega bo‘lgan valutaviy SVOP, RePO va depozit auksionlari, ular bo‘yicha foiz stavkalar Markaziy bankning asosiy stavkasiga yaqin darajada shakllanadi;

bank tizimidagi likvidlikning tarkibiy profitsitini tartibga solish hamda tijorat banklariga likvidlik berish operatsiyalari bo‘yicha garov ta'minoti bazasini shakllantirish maqsadida qisqa muddatli (uch va olti oylik) Markaziy bank obligatsiyalarini muomalaga chiqarish hamda auksion savdolari orqali tijorat banklariga joylashtirish rejalashtirilgan.

Markaziy bank tomonidan valutaviy SVOP, RePO va depozit auksionlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi ma'lumotlar muntazam ravishda rasmiy veb-sahifada oldindan e'lon qilib borilishi aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: