22 dekabr kuni saylovchilar o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berishadi. Shu qisqa fursatlardan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat va tuman-shahar Kengashlariga nomzodini qo‘ygan vakillar saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etmoqda. Bu siyosiy jarayonda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi, tuman va shahar Kengashlariga ko‘rsatilgan nomzodlar ham faol ishtirok etishyapti.
26-Toshrabot saylov okrugidan xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputatligiga ilgari surilgan nomzod – viloyat hokimi Qobul Tursunov ham saylovchilari bilan uchrashmoqda.
“Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu yilgi saylovlarning o‘ziga xosligi shundan iboratki, bu yil har bir nomzod kutilgan darajadagi ovoz olish uchun bevosita xalqning oldiga chiqib, o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Qizil tepa tumanidagi 13-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabida “Bobodo‘g‘i”, “Oq rabot”, “Qalai azizon”, “Saroy” va “O‘zilishkent” mahalla fuqarolar yig‘inlar aholisi ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv ochiq va oshkora muloqot tarzda kechdi.
Dastlab ishtirokchilar nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirildi.
Shundan so‘ng Qobul Tursunov o‘z dasturida aholi turmush farovonligini oshirish, uzluksiz tarbiya tizimini yaratish va yuksak ma'naviyatli, vatanparvar avlodni tarbiyalash, mamlakat iqtisodiyotida yetakchi bo‘lgan mashinasozlik, elektrotexnika va tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirishga e'tibor qaratish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi texnologik qoloqlikni kamaytirish maqsadida ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uyg‘unlik va hamkorlikni ta'minlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilab olganligini ta'kidladi.
Uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan, jumladan, “Xo‘jaqo‘rg‘on” mahallasi hududidagi qishloq vrachlik bo‘limini qayta tiklash, “Qalai azizon” mahallasida sport majmuasi qurish, Toshrabot massivi markaziy ko‘chasida transport qatnovini tartibga olish, 29-umumta'lim maktabida o‘quvchilar uchun oshxona qurish, shuningdek, 26-maktab qoshida aniq fanlarga ixtisoslashgan “Qorako‘l” maktabi filialini tashkil etishda amaliy yordam berish yuzasidan murojaat qilishdi.
Nomzod saylovchilarning barcha savollariga atroflicha javob qaytarar ekan, uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarning barchasi ijobiy hal etilishini ta'kidladi.
Albatta, bu yilgi saylovda “Milliy tiklanish” partiyasi yuqori natijaga erishishni maqsad qilgan.Jumladan, partiya g‘oyalari, saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda maqsad va vazifalarini keng targ‘ib etish maqsadida “Birmiz! Qo‘lni qo‘lga beramiz!” shiori ostida tadbirlar tashkil etilyapti. Yaqindagina Navoiy shahridagi “Yangi hayot” savdo majmuasi oldida, shuningdek, Konimex tumani Zafarobod qo‘rg‘oni 5-kon boshqarmasi madaniyat saroyida ana shunday targ‘ibot-tashviqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ularda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shaharlar Kengashlariga partiyamiz tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarimiz ishtirok etishdi.
O‘tkazilayotgan tadbirlarda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xalqimizda milliy o‘zlikni anglash hissini o‘stirishga harakat qilar ekan, tarixiy, madaniy va ilmiy-intellektual merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, boyitish va yanada ko‘paytirishga ko‘maklashish, xalqimizning boy tarixi va madaniyatini o‘rganish, ushbu boyliklarni yosh avlod o‘rtasida keng miqyosda targ‘ib etish, yoshlarda tarixiy meros va xalqning milliy qadriyatlariga hurmat, ehtirom uyg‘otish kabi keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirib kelayotganligi ta'kidlanmoqda.
Jumladan, tadbirlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi Ilhom Rajabov so‘zga chiqib, partiya “Inson o‘zgarmasa — jamiyat o‘zgarmaydi” shiori ostida aholining yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini o‘rganish va bartaraf etishga ko‘maklashish, ta'lim-tarbiya sifati uzluksizligini ta'minlashga e'tibor qaratish, milliy urf-odatlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish kabi ezgu maqsadlarni ustuvor bilishi, shuningdek, Partiya mamlakatimizda millatlararo munosabatlar sohasiga alohida e'tibor qaratadi. Bag‘rikenglik va insonparvarlikni keng targ‘ib etish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy e'tiqodidan qat'i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashni davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini alohida ta'kidladi.
Partiyamiz O‘zbekistonning ertangi kunini iqtisodiy rivojlangan, boy ma'naviy-ma'rifiy merosga ega, kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlangan, himoya qilingan, siyosiy jihatdan nufuzi baland mamlakat sifatida ko‘rmoqda.
Bu borada biz uzluksiz tarbiya asoslari konsepsiyasini yaratish, uzluksiz ta'lim bilan bir qatorda uzluksiz tarbiya tizimini shakllantirish hamda uzluksiz ta'lim va tarbiya uyg‘unligini ta'minlash takliflarini ilgari surmoqdamiz.
Zero, mamlakatimizda boshlangan yangi davr shiddati ta'lim-tarbiya sohasiga ham aniq va qat'iy talablar qo‘ymoqda. Partiya O‘zbekistonda yoshlar tarbiyasi uzluksiz tarbiya tizimi orqali milliy g‘oya negizida aniq, bugungi talablar, tayanch bilim va fazilatlar asosida shakllanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Oilaviy hamjihatlik, keksalarga hurmat va bolalarga g‘amxo‘rlik kabi oilaviy an'ana va qadriyatlarni targ‘ib etish, jismonan sog‘lom va har tomonlama barkamol yangi avlodni dunyoga keltirish va tarbiyalash maqsadida yosh oilalarga g‘amxo‘rlikni oshirish, ularning ijtimoiy-huquqiy muhofazasini kuchaytirish, sog‘lom va mustahkam oilalar sonini yanada ko‘paytirishga ko‘maklashadi.
Yurtimizda mavjud madaniy meros obektlarini asrab-avaylash, O‘zbekiston shaharlarining tarixiy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Mamlakatimizda muzeyshunoslikni rivojlantirish, mavjud muzeylarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy, ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida mustahkamlash, ularning moddiy fondini boyitish hamda muzeylar infratuzilmasini kengaytirish hamda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan xalqimiz tarixiga oid qadimiy qo‘lyozma, kitoblar va boshqa osori atiqalarni yurtimizga qaytarish ishlarini jadallashtirish ham saylovoldi dasturimizdan o‘rin olgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash o‘rinliki, partiyamiz o‘z g‘oyalarini hayotga izchil tatbiq etgan holda saylovda faol ishtirok etishni, parlamentda eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lishga harakat qilmoqda.
Barchangizni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz berishga chaqiramiz.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Navoiy viloyati Kengashi matbuot xizmati.
Reklama huquqi asosida