2021 yil avgust oyida afg‘on uchuvchilari tomonidan O‘zbekistonga olib o‘tilgan vertolyotlarning bir qismi AQShga qaytarildi. Bu haqda 31 yanvar kuni O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida mamlakat Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligiga bag‘ishlangan tadbir haqida so‘zlagan Amerika Ovozi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 7 ta Black Hawk vertolyoti allaqachon Qo‘shma Shtatlarga berilgan.
Tadbirda O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov, AQSh Mudofaa vaziri yordamchisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Devis Florrik, Pentagon shtab boshliqlari qo‘mitasidan kontr-admiral Erin Osborn ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari bilan razvedka sohasida hamkorlik Pentagon tomonidan butun mintaqa tinchligiga sarmoya sifatida qaralishi, harbiy mashg‘ulotlar, o‘quv mashg‘ulotlari, chegara xavfsizligi, narkotiklarga qarshi kurash va razvedka kabi sohalarda hamkorlik qilish muhimligi ta’kidlandi.
2021 yil avgust oyida «Tolibon» harakati poytaxt Kobul tomonga shiddat bilan yurish qilganida afg‘on uchuvchilari Afg‘oniston harbiy-havo kuchlariga tegishli samolyot va vertolyotlarda o‘z xizmatdoshlari va oilalarini O‘zbekiston va Tojikistonga evakuatsiya qilgan edi. Bu texnikalar bir vaqtlar Vashington tomonidan afg‘on armiyasiga topshirilgan. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, olib o‘tilgan harbiy havo kemalarining 46 tasi O‘zbekistonda, 18 tasi Tojikistonda.
2022 yil aprelida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev vertolyot va samolyotlarni Amerika rasmiylariga qaytarish rejasi borligini ma’lum qildi. «Bu qaror butunlay Vashingtonga bog‘liq», degan edi u.
«Tolibon» vakillari hukumatni egallagach, «o‘g‘irlab ketilgan» samolyotlar va vertolyotlar afg‘on xalqining mulki sifatida Afg‘onistonga qaytarilishi kerakligini ta’kidladi.
2021 yil sentabrida AQSh Afg‘onistondagi terrorizmga qarshi kurashda yordam ko‘rsatish evaziga vetolyot va samolyotlarni topshirish bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston bilan muzokaralar olib borayotgani ma’lum bo‘ldi.
2025 yil 31 yanvar kuni Vashingtondagi elchixonada bo‘lib o‘tgan tadbirda AQSh O‘zbekistonga o‘nlab afg‘on samolyotlari va vertolyotlarini qoldirgani ta’kidlandi.