Tanqidiy maqolaga munosabat: «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ ogohlantiradi

Jamiyat 20:10 / 18.12.2019 4548

Kun.uz saytida 16 dekabr kuni «Turli tekshiruvchilar uchun odamlar «sog‘in sigir»mi? Urgutdagi uch voqea» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilindi va unda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi aholida elektr ta'minoti bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatishda ayrim muammolar tanqid ostiga olingan edi.

«Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, maqolada yoritilgan holat «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ mutasaddilari tomonidan atroflicha o‘rganilgan.

«Ma'lum bo‘lishicha, Samarqand shahrida joylashgan «Elektr tarmoqlari va montaj» MChJ xodimlari tomonidan noyabr-dekabr oylarida Urgut tumani mahallalari aholi xonadonlaridagi elektr hisoblagichlar ko‘rikdan o‘tkazilishi jarayonida «Biz elektr tarmoqlari korxonasidanmiz, xonadoningizdagi elektr hisoblagichni tekshirgani keldik», deya shundoq ham xonadondan tashqariga chiqarilgan elektr hisoblagichlarga birrov qarab qo‘yib, 12 ming so‘m majburiy to‘lov undirilgan.

Mazkur jamiyat rahbari Sitora Narziqulova mal'um qilishicha, korxona elektr tarmoqlari va montaj ishlari bo‘yicha ixtiyoriy ko‘rik o‘tkazib, xizmat ko‘rsatish vakolatiga ega. Jamiyatda yuqoridagi holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazib, MChJ xodimlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Maqoladagi zikr etilgan keyingi voqea ham aynan Urgut tumanidagi elektr ta'minoti bilan bog‘liq.

Ma'lumki, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida respublika bo‘yicha «Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi» (ASKUE)ni joriy etish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyatining barcha shahar va tumanlarida bu boradagi ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.

Ta'kidlash joizki, qarorga asosan hisoblagichlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan bepul o‘rnatilmoqda. Mazkur loyihani belgilangan muddatlarda yakunlash maqsadida «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ tomonidan hozirgi kunda yollanma xizmatchilar ham jalb qilingan bo‘lib, elektron hisoblagichlarni almashtirish jarayonida pul undirish holatlari uchrashi sir emas.

Shularni inobatga olib, iste'molchilarga eslatib o‘tmoqchimizki, o‘rnatilayotgan hisoblagich yoki o‘rnatish uchun xizmat haqi talab qilinishi mutlaqo asossiz.

Kelgusida bu kabi noxush holatlar uchragan taqdirda, iste'molchilardan «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJning 11-54 qisqa raqami yoki «Hududiy elektr tarmoqlari bilan muloqot» Telegram-kanaliga murojaat qilishlarini so‘raymiz», — deyiladi «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: