Tadbirkordan ortiqcha o‘n million so‘m to‘lov undirilishining oldi olindi 

Jamiyat 15:05 / 11.12.2019 5941

O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida», «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida», «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunlariga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida tabiatni muhofaza qilishni ta'minlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror qabul qilingan. Biroq ushbu qarorlar ijrosi barcha davlat organlari tomonidan bir xilda amalga oshirilmasdan, qonun hujjatlarini noto‘g‘ri qo‘llanilishi tadbirkorlik sub'yektlarining asosli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 

Biznes ombudsman devoni xodimlari “SHIDASP” MChJning Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 17 sentabr kuni yuborgan e'tiroznomasidan norozi bo‘lib yozgan murojaatini o‘rgandi. 

O‘rganish jarayonida Ekologiya boshqarmasi “SHIDASP” MChJ 2018 yilda atrof tabiiy muhitni ifloslantirganligi uchun Vazirlar Mahkamasining “Tabiatni muhofaza qilishni ta'minlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 820-sonli Qaroriga asosan 10 mln 39 ming 200 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblab, ushbu pullarni to‘lashni talab qilib kelganligi aniqlangan.

Mazkur qarorning 5-bandida “Ushbu qaror 2019 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi” deb ko‘rsatib o‘tilgan.

2019 yil 1 yanvarga qadar esa Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 1 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun to‘lovlar tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 199-sonli qarori amalda bo‘lgan bo‘lib, barcha kompensatsiya to‘lovlari ushbu qaror asosida hisoblanishi lozim bo‘lgan. 

Shunga ko‘ra, Biznes ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilishi natijasida, “SHIDASP” MChJga qonunni noto‘g‘ri qo‘llash natijasida hisoblangan 10 mln 39 ming 200 so‘m kompensatsiya to‘lovi aslida 21 ming 895 so‘m ekanligi aniqlandi. Shu bilan tadbirkorlik sub'yektining ortiqcha 10 mln so‘m kompensatsiya to‘lashining oldi olindi. 

E. Tashxodjayev.

Ko‘proq yangiliklar: