O‘zbekistonda sement zavodlari soni yana bittaga ko‘paydi

Jamiyat 18:51 / 06.12.2019 18166

Bugun mamlakatimiz bo‘ylab ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda barcha qurilish mahsulotlari qatorida sementga bo‘lgan talab ham yanada oshmoqda. Mavjud talabni qondirish bo‘yicha bugungi kunda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 6 dekabr kuni «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi mas'ulligi, Samarqand viloyati hokimligi va AT «O‘zsanoatqurilishbank» hamkorlikda Samarqand shahrida yangi sement zavodi foydalanishga topshirildi. Tantanali marosimda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, mutasaddi tashkilot vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

«Jomboy yashil chiroqlari» MChJ tomonidan amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 9 mln. 195 ming AQSh dollari. Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiligi 100 ming tonnani tashkil etadi. Uskunalar zamonaviy, energiya tejamkor bo‘lib, Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan. Mazkur korxonani qurish ishlari 1 yil davomida olib borildi. Endilikda korxona ishga tushishi natijasida sement va sement asosida boshqa qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi oshadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Xususan, 100 ga yaqin samarqandlik yoshlar ish bilan ta'minlanadi.

Ayni kunda Respublikamizda jami 25 ta sement zavodlari faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularning yillik quvvati 13 mln 780 ming tonnani tashkil etadi. Joriy yilning o‘zida jami 9 ta: Samarqand viloyatida 3 ta, Farg‘ona viloyatida 2 ta, Surxondaryo, Jizzax, Namangan va Koraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta sement zavodlari foydalanishga topshirildi. Bular «Qoraqalpoqsement» MChJ, «Surxon sement invest» XK, «Dal Teknik Zomin Sement and Lime» MChJ, «Sho‘rsuvsement» MChJ, «Marokand kabel invest» MChJ, «Indigo Sand Trade» MChJ, «Turon Eco Cement Group» MChJ, «Namangansement» MChJ hamda «Jomboy yashil chiroqlari» MChJlari.

Mamlakatimizda sementga bo‘lgan talabani to‘laqonli qondirish, ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish, yangi quvvatlarni ishga tushurish borasida uyushma tomonidan ko‘plab investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. Jumladan, rejaga ko‘ra 2020 yilda jami 13 ta yangi sement zavodlari foydalanishga topshiriladi. Natijada sement ishlab chiqarish quvvati yiliga 4 mln 700 ming tonnaga ortadi.

2020 yilda amalga oshiriladigan eng yirik loyihalardan biri «Ohangaronsement» AJda amalga oshiriladi. Bu yerda yillik quvvati 3 mln. tonnani tashkil etuvchi yangi sement zavod ishga tushiriladi. Shuningdek, Jizzax va Samarqand viloyatlarida yillik quvvati 1,2 mln tonna bo‘lgan yangi korxonalar barpo etiladi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi
Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: