Qashqadaryoda bir oilaning 7 a'zosi pomidor konservasidan zaharlandi

Jamiyat 20:30 / 15.11.2019 17189

Sog‘liqni saqlash vazirligi Qashqadaryo viloyatida bir oilaning 7 vakili pomidor-bodring konservasidan zaharlangani haqidagi xabar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

«Viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 14 noyabr kuni soat 09:00 larda Chiroqchi tumani «Langar» MFY, Tutli qishlog‘ida yashovchi 7 nafar fuqaro tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Bemorlarga ovqatdan zaharlanish – «Botulizmga gumon» tashxisi qo‘yilgan. Ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uch nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga, to‘rt nafari esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Aniqlanishicha, bemorlarning deyarli barchasi bir oila vakillari: oila boshlig‘i 38 yoshli N.H., uning turmush o‘rtog‘i 37 yoshli Yu.U., farzandlari 13 yoshli A.T.,  9 yoshli egizaklar H.T. va F.T., 5 yoshli T.T. hamda jiyani 5 yoshli L.T.dir.

Epidemologik surishtiruv davomida va bemorlarning bir haftalik taomnomasi o‘rganilganida quyidagilar aniqlandi.

Bemorlar 2019 yil 13 noyabr kuni kechki payt soat 17:00da N.H.ning xonadonida osh bilan uch litrli shisha bankada uy sharoitida tayyorlangan pomidor konserva mahsulotini iste'mol qilishgan. Ertasi kuni ertalab soat 8:30 larda ularning barchasida ko‘ngil aynishi, holsizlanish, qayt qilish kabi kasallik alomatlari paydo bo‘lgan. So‘ng bemorlar shu kuni tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilishgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida davolanayotgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga «Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi» tashxisi qo‘yilgan. Ularning ahvoli jiddiy. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan qolgan bemorlarning ahvoli esa qoniqarli. Ayni paytda tajribali shifokorlar tomonidan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Bemorning xonadoni o‘rganilganda uy sharoitida tayyorlangan turli hajmdagi 13 dona konserva mahsuloti tegishli tartibda iste'moldan olinib, yo‘q qilingan.

Hozirda tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan hudud aholisi o‘rtasida botulizm kasalligining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Xonadonlarda uy sharoitida tayyorlangan, iste'molga yaroqsizligi aniqlangan konserva mahsulotlarini yo‘q qilish choralari ko‘rilyapti.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolardan uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste'mol qilishdan saqlanishni so‘raydi. Birgina ehtiyotsizlik yuqoridagi singari o‘ta noxush oqibatlarga olib kelishini unutmang! O‘zingiz va oila a'zolaringiz salomatligiga aslo befarq bo‘lmang!», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

 

Ko‘proq yangiliklar: