Tergov sudyalari ish boshladi. Endi prokurorlar sanksiya olishga qiynaladimi?

O‘zbekiston 11:25 1776

Shaxsning ozodligini cheklash, uyini tintuv qilish, telefon suhbatlari va yozishmalarini eshitib turish uchun tergovchilar suddan sanksiya olishi shart. O‘zbekistonda yangi joriy qilingan tergov sudyalari fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini jinoyat ishi doirasida cheklab turish masalasini ko‘rib chiqadi. Tergov sudyasi Behzod Mo‘minov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu institutning vazifasi va qanday ishlashini tushuntirib berdi.

O‘zbekistonda 2025 yil 29 yanvardan kuchga kirgan qonun bilan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida fuqarolarning erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq protsessual qarorlarga sanksiya berish vakolati – alohida tashkil qilingan tergov sudyalariga o‘tkazildi. Ayni vaqtda O‘zbekiston bo‘ylab 200 dan ortiq tergov sudyalari ish boshlagan. Ular, shuningdek ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ham ko‘rib chiqmoqda. Kun.uz muxbiri Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tergov sudyasi Behzod Mo‘minov bilan ushbu mavzu yuzasidan suhbatlashdi.

– Tergov sudyasi lavozimini joriy qilishga qanday sabablar bor edi?

– Bu yaqinda paydo bo‘lgan zarurat yoki taklif emas. Olimlar va ilmiy jamoatchilik bu taklifni 2000 yillardan boshlab ilgari surgan. Tahlillarga ko‘ra, jinoyat protsessida inson huquq va erkinliklarining buzilishi bilan bog‘liq holatlar jinoyat protsessining sudga qadar ish yuritish bosqichida ko‘proq aniqlanadi. Shu vaqtga qadar sud nazorati umumyurisdiksiya sudlari tomonidan amalga oshirilgan. Ular ham hukm chiqargan, ham ma’muriy ishlarni ko‘rgan, ham sudga qadar jarayonlar ustidan sud nazoratini amalga oshirgan. Sud nazoratidan keyin ish yuzasidan ham hukm chiqarsa, sudyaning xolisligiga savollar tug‘ilgan.

Bu borada qo‘shni davlatlar tajribasi ham o‘rganilgan, mana Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham tergov sudyasi lavozimi joriy qilingan. Va ular ijobiy samara bergan. Bundan tashqari, bugun butun dunyoda sudyalarni ixtisoslashtirish «trend»ga chiqqan. Faqat muayyan, tor doiradagi ishlarni ko‘radigan sudyalar kamroq xato qiladi, ishlari sifatli bo‘ladi. O‘z yo‘nalishidagi qonun normalarini qo‘llash bo‘yicha malakasi yuqori bo‘ladi. Tergov sudyalari ham aynan protsessual majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha ham ixtisoslashgan sudyalar, ular ishni mazmunan ko‘rmaydi. Bu konstitutsiyaviy huquqlarni qo‘llashdagi kafil bo‘ladi.

– O‘zbekiston sudlarida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar eng ko‘p ko‘riladigan protsesslardan biri hisoblanadi. Endi asosiy vazifasiga qo‘shimcha bunday ishlarni ham ko‘rish tergov sudyasining ish samaradorligiga qanchalik ta’sir qiladi?

– To‘g‘ri, bunday ishlar ko‘p, boshqa davlatlarda ham tergov sudyalari MJtK doirasidagi ishlarni ko‘rib chiqmaydi. Qaysidir ma’noda sud nazorati samaradorligiga ta’sir qiladi, umuman ta’sir qilmaydi, deb aytolmaymiz. Boshqa jihatdan har bir fuqaro tergovchining qarori ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin. Bu ayni jinoyat protsessidagi sud nazorati hamdir. Qonunchilikka tergovchi yoki prokurorning qarorlari ustidan advokat, manfaatdor shaxslarning shikoyatlarini tergov sudyalari ko‘rib chiqishi vakolatini kiritish kerak. Sud muhokamasida tergovchi yoki prokuror o‘z qarori qonuniyligini isbotlab berishi kerak. Agar shunday shikoyat qilish tartibi joriy qilinsa, tergov sudyalariga ham ish yuklamasi oshishiga olib keladi. Keyinchalik bunga yechim berilsa kerak, xususan ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘radigan sudyalar ajralib chiqishi ham mumkin. Chunki hozirgi kunda ma’muriy huquqbuzarlik ishlarining turi ham ko‘paygan. Bu ham sudyadan qo‘shimcha bilimlar, yangi sohalardan ham xabardorlikni talab qiladi.

– Jinoyat protsessual kodeksining 382-moddasida nazarda tutilgan prokuror vakolatlari bilan yangi qo‘shilgan 31-1-moddadagi tergov sudyalarining vakolatlari bir-birini takrorlab qolmaydimi, ularning qanday farqi bor?

– Birinchi navbatda uning maqsadiga qarashimiz kerak. Prokuror nazorati va sud nazorati o‘rtasida nima farq bor, degan savol tug‘iladi. Prokuror — jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashdagi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi yoki sodda qilib aytganda, jinoiy ta’qibni amalga oshirish uchun mas’ul. U ko‘proq shaxsning manfaatlari bilan birga davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlaydi.

Bu yerda tergov sudyasi, JPKning 31-1-moddasida ham yozilgan, shaxsning huquqlari nuqtayi nazaridan masalani ko‘rib chiqadi. Davlat manfaatlarini himoya qilish uchun shaxs huquqini cheklashga asos bormi-yo‘qligini ko‘rib chiqadi. Tergov sudyasi nazorati faqat unga prokurordan iltimosnoma kelib tushganda amalga oshiriladi. Prokurorning nazorati esa tezkor xarakterga ega: u borib tergov hibsxonalarini tekshirishi mumkin yoki tergovchi, tezkor xodim qo‘lidagi ish materiallarini, arizalarni tekshirishi mumkin. Nazorat xarakteriga va maqsadiga ko‘ra farqlanadi.

Prokuror ayblov xulosasini tasdiqlaydi va sudda ayblovni qo‘llab-quvvatlaydi. Ayblov uchun mas’ul bo‘lgan prokuror noqonuniy ayblov qo‘yilgan bo‘lsa, shikoyatni ko‘rib chiqadi. Ba’zi hollarda bu ikkita funksiya bir-biriga to‘sqinlik qilishi mumkin. Sud ayblov uchun mas’ul emas, u jinoyatchilik ko‘rsatkichlari uchun ham mas’ul emas. U faqat qonunga bo‘ysungan holda, qonunda shaxsning huquqini cheklash uchun asos bormi-yo‘qligini ko‘rib chiqadi.

– Uyni tintuv qilishga yoki ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish, telefon suhbatlarini eshitish kabi hollarda tergovchilar yoki tezkor xodimlar birinchi bo‘lib kimga murojaat qiladi? Sanksiyani prokuror beradimi yoki tergov sudyasi?

– Bunday vaziyatda, qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash, tintuv o‘tkazishi yoki boshqa protsessual majburlov choralari lozim bo‘lsa, tergovchi birinchi navbatda ishni nazorat qilayotgan prokurorga iltimosnoma bilan chiqadi. Prokuror iltimosnomani va hujjatlarni o‘rganib chiqadi. Iltimosnomaga rozi bo‘lsa, uni tasdiqlab sudga beradi. Sud iltimosnomani qanoatlantiradi yoki rad qiladi. Bu yerda tergovchi ustidan ikkita bosqichli nazorat mexanizmi joriy qilingan: prokuror tekshiradi va sud tekshiradi. Yuqorida aytganimdek, sud va prokuror boshqacharoq rakursda tekshiradi.

Qamoqqa olish ehtiyot chorasi yoki boshqa majburlov chorasini qo‘llashga doir ishlarni tergov sudyalari ko‘rishida ayblanuvchi va uning advokati ham yopiq protsessda qatnashadi. Ya’ni muhokama bo‘ladi. Lekin tintuv, pochta, telegram jo‘natmalarni xatlash, telefon so‘zlashuvlari eshitishga doir sanksiya olishda tergov sudyasi ishni yopiq ko‘radi. Chunki bu tergov siri. Masalan, ochiq sud majlisida ko‘rilsa, «Palonchining uyida tintuv o‘tkazish uchun, mana, sud sanksiya berarkan», deb hamma xabar topadi. Unda uyni yoki boshqa joyni tintuv qilishdan ma’no qolmaydi. Shuning uchun ham yopiq sud majlisida ayblanuvchi yoki gumonlanuvchining ishtirokisiz, faqat prokuror ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Bu yerda tergov sudyasi fuqaroning manfaatlari tomonidan ishga baho beradi, uning huquqlarini cheklashga doir masala zaruratiga qarab ajrim chiqaradi.

Yana bir masala bor, agar kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda tergovchi sud sanksiyasiz tintuv o‘tkazsa, demak 24 soat ichida tintuv o‘tkazish haqida materiallarni sudga beradi. Sud endi uni ko‘rib chiqib qonuniyligiga baho beradi: o‘sha holatda tintuv o‘tkazish uchun asos bo‘lganmi, yo‘qmi, tintuv qonuniy o‘tkazilganmi, yo‘qmi. Agar noqonuniy o‘tkazilgan bo‘lsa, aytaylik, tintuv natijasida ishga aloqador birorta dalil olinadi. Sud shu masalaga baho berib, tintuv o‘tkazish uchun asoslar bo‘lmagan bo‘lsa, tintuv noqonuniy, jarayonda olingan dalillar ham nomaqbul dalil deb topadi. Bundan tashqari, uyda tintuv o‘tkazilgan shaxsga sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish huquqi bor. Apellyatsiya instansiyasi o‘rganib chiqadi: haqiqatda asos bo‘lganmi, shaxsiy turar joy daxlsizligini buzish uchun yoki asos bo‘lmaganmi.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishib chiqishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi. 

Ko‘proq yangiliklar: