Senat bayonoti: nomusi toptalgan qashqadaryolik ayol masalasi nazoratda

Jamiyat 13:46 / 14.11.2019 16328

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida bir guruh fuqarolar tomonidan 26 yoshli ayol zo‘rlangani xabar berilgandi.

Ushbu voqea ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Bu mavzuda turli fikrlar yangramoqda.

Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, ayol o‘z oilasini boqish istagida umumiy ovqatlanish joylaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan va uyiga qaytayotgan vaqtda niyati buzuq shaxslar tomonidan tahqirlangan.

“Achinarlisi, ko‘ngilsiz voqeaga uchragan bu ayolning tunda ko‘chada yurgani yoki axloqiy yurish-turishi mazkur mudhish jinoyat sodir etilishiga asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bu holatni faqat ana shu omil bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanligini ta'kidlaydi. Unutmasligimiz lozim, mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarida har bir fuqaro xoh tun, xoh kunduz bo‘lsin, ko‘chada yurishi taqiqlanmagan, shuningdek hech kim birovning axloqsizligini ro‘kach qilib, uni o‘zboshimcha jazolashga haqqi yo‘q”, - deyiladi Senat xabarida.

Qayd etilishicha, masalaga bunday tor ma'noda yondashish yurtimizda tunda yurish zo‘ravonlik qurboni bo‘lishga sabab bo‘ladi degan mutlaqo noto‘g‘ri qarashlarning shakllanishiga, natijada mamlakatimizda o‘rnatilgan qonun ustuvorligi haqida yanglish fikr paydo bo‘lishiga olib keladi.

“Xulosa bitta – ayol kishining erkinligiga tajovuz qilingan va jinoyat sodir etgan shaxslar qonun oldida javob berishi muqarrar.

O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ushbu jinoyat ishi bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan zarur choralar ko‘rilishini kuzatib boradi”, - deyilgan Senat ma'lumotida.

Ko‘proq yangiliklar: