«Toshshahartransxizmat»: avtobekatlarda qoldirilgan mashinalar suratga olinib, YHXBga jo‘natiladi 

Jamiyat 09:05 / 13.11.2019 7140

«Toshshahartransxizmat» rahbariyati barcha yengil avtomobil egalariga ogohlantirish bilan chiqdi. 

Qayd etilishicha, bundan buyon oraliq va shohbekatlarda qarovsiz qoldirilgan va avtobuslar harakatiga xalaqit bergan transport vositalari mutasaddilar tomonidan suratga olinib, yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga taqdim etiladi.

Bildirilishicha, kun sayin transport vositalari soni ortib borayotgani yo‘llarda harakatlanishda qator muammolarni yuzaga keltirmoqda. Ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchi uchun ham haydovchi uchun ham manzilga o‘z vaqtida yetib borish tobora katta muammoga aylanmoqda.

Jamoat transportining erkin harakatlanishida nafaqat yo‘llarda transport vositalarining ko‘pligi, balki, yengil avtomobillarning to‘xtash mumkin bo‘lmagan joylarga qo‘yib ketilishi avtobuslar tirbandligini keltirib chiqarmoqda.

«Ayniqsa, oraliq va shohbekatlar hududida ularning nazoratsiz qoldirilishi avtobuslarning harakatida jiddiy muammolarga sabab bo‘lyapti.

Xususan, «Toshshahartransxizmat» AJ tasarrufidagi yo‘nalishlar bo‘yicha «Toshkent univermagi» shohbekatiga kiruvchi avtobus haydovchilari anchadan buyon ushbu muammodan aziyat chekmoqda. 

Foto: Toshshahartransxizmat

Shohbekat hududi yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan qanchalik nazorat qilinmasin vaziyat kun sayin og‘irlashib bormoqda. Avtobuslar shohbekatga kirolmay vaqt yo‘qotishiga, oraliq intervallarning uzayib ketishiga olib kelyapti», - deyiladi ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, joriy yil 12 noyabr kuni taxminan 14:00lar atrofida jamiyat harakat xavfsizligi bo‘limi xodimlari ushbu shohbekat hududida yengil avtomobillarning avtobuslar harakatiga xalaqit berayotgani, muammoni bartaraf etishga yordam berishlarini so‘rab yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga murojaat qilgan. Inspektorlar qisqa muddatda bu yerdagi sun'iy tirbandlikni tarqatishdi. Ammo, oradan 10 daqiqa o‘tmay yana «eski hammom, eski tos» - shohbekat xususiy yengil avtomobillarning turar joyiga aylanib ulgurgan.

«Hurmatli haydovchilar! Jamoat transporti harakatiga xalal bermang. Zero, uning o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatishi har birimiz uchun foydalidir. Avtobusning yo‘qotgan bir daqiqasi yo‘lovchilarning yuzlab daqiqalarini yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin», - deyiladi «Toshshahartransxizmat» xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: