Qarshi shahrida yashovchi tadbirkorning mulkini shahar hokimi qaror chiqarib zaxiraga olgan, oradan ko‘p o‘tmay shu mulkni boshqa tadbirkorga berib yuborgan. Kompensatsiyasiz, o‘rniga yer berilmasdan va boshqa kelishuvlarsiz. Tadbirkor sudga berib yutib chiqqan va mulkini qaytarib olgan. Keyin yana sud, yana qaror va yana sud... Bu ishlardan charchagan tadbirkor ikkinchi marta tahririyatga murojaat qildi.
Qarshi shahar hokimining 2017 yil 14 apreldagi X-843/4-sonli qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi PQ–2853-sonli «2017–2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq chiqarilgan. Yanada aniqrog‘i, shahar hokimi qarorida prezident qarorining 17-bandi noto‘g‘ri talqin etilgan holda tadbirkorning qonuniy mulki boshqa tadbirkor – «Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJ tasarrufiga o‘tkazilishi belgilangan. Ana shu nomuvofiqlik, noto‘g‘ri talqin 2018 yil 7 yanvarda Kun.uz’da e'lon qilingan «Qarshi shahar hokimligi bir tadbirkorni chirqiratmoqda — bu nima, fidoyilik yo reyderlik?» sarlavhali maqolada har tomonlama o‘rganilib, tahlil etilgan edi.
Masalaning yana bir tomoni o‘quvchini ayniqsa sergak torttiradi: Prezident qarorida dehqon bozorlarda tutash hududlarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash ushbu dehqon bozorlariga o‘tkaziladi va keyinchalik ular faoliyatidan tushgan pul tushumlari dehqon bozorlarining soliq solinadigan daromadlari tarkibiga kiritiladi hamda ushbu mablag‘larning 50 foizi mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladi, deb ko‘rsatilgan.
E'tibor bering, shunday bo‘lgani holda shahar hokimi I.Panjiyevga tegishli «Asilbek Ziyoda» SIChKga tegishli yer maydonini prezidentning yuqoridagi qaroriga asosan olib qo‘yib, oradan 7 kun o‘tgach, Prezident qarori talablarini qo‘pol ravishda buzib, boshqa tadbirkor «NBU BUNYODKOR INVEST» MChJga ajratib bergan. Agar hokimlik prezident qarorini ro‘kach qilib tadbirkorning mulkini olib qo‘ygan bo‘lsa, nima sababdan yer yana boshqa tadbirkorga berib yuborilgan?
Oradan bir yil o‘tib sud Qarshi shahar hokimi qarorining tadbirkorga oid qismini haqiqiy emas, deb topdi. Ammo shu bilan ham tadbirkorning muammolariga chek qo‘yilmadi. Hali hokimlik, hali tadbirkor turli yangi holatlar bilan sudlarga murojaat qilmoqda va hali beri tadbirkor tinchgina o‘z ishini qiladiganga ham o‘xshamayapti.
Umuman, bu bo‘yicha sud ishlari 2017 yildan hozirgi vaqtga qadar jami 10 marta bo‘lib o‘tgan, shundan 5 marta Qashqadaryo viloyat va shahar ma'muriy sudlari, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va yana Muborak tuman ma'muriy sudiga birinchi instansiya sudiga ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan sud, yana qaror va yana sud...
Joyida o‘rganish natijalariga ko‘ra Qashqadaryo viloyat va shahar ma'muriy sudlari tadbirkorning manfaatiga zid ravishda, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari ma'muriy sudlari va hatto O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ham uning qonuniy talablari to‘g‘riligidan kelib chiqib tadbirkor manfaatiga hal qilgan.
Qashqadaryo viloyat va shahar ma'muriy sudlarining qarorlari to‘g‘rimi yoki Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari ma'muriy sudlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qarorlari qonuniymi?
Qashqadaryo ma'muriy sudi chiqargan qarorlarini bir emas, ikki emas, uch viloyat va Oliy sud rad etib turganida ish yana birinchi instansiyaga qaytarib yuborilmoqda. Bu ketishda ish hali beri tugamaydigan, tadbirkor o‘zi ishini davom ettirish o‘rniga bir umr sudlashadigan ko‘rinadi.
Darvoqe, Surxondaryo viloyat ma'muriy sudi ham tadbirkor foydasiga qaror chiqargan edi. Mazkur qarorining ijrosini ta'minlash o‘rniga, Qarshi shahar hokimligi yana tadbirkor manfaatiga zid ravishda qaror chiqarib yuborgan.
Asosiy muammo shundaki, Qarshi shahar hokimining mulkni boshqa tadbirkorga berib yuborgan qarorlari bekor qilinganiga qaramasdan, sudlarda tadbirkor yutib chiqqan bo‘lsa-da Qarshi shahar kadastr korxonasi hali hamon I.Panjiyevga tegishli mulkning kadastr hujjatlarini berishdan bosh tortib kelmoqda. Sud ishlari esa yuqorida aytilganidek, tugamayapti.
Qizig‘i shundaki, ayni vaqtda sud ajrimlariga ko‘ra tadbirkor I.Panjiyev haq. Ammo «Yermulkkadastr» korxonasi tomonidan Qarshi shahar «Yermulkkadastr» filialiga rasmiy xat yuborilgan bo‘lsa ham shahar filiali bu ishni amalga oshirmayapti (quyi organ yuqori organning xatini ham inobatga olmayapti). Sudlarda yutib chiqqan, tegishli idoralarning xulosasiga ko‘ra haq bo‘lib chiqqan, shahar hokimining noqonuniy qarorlarini bekor qildira olgan, xullas barcha qarshiliklarni yenggan tadbirkor qanchalik g‘alati tuyulmasin endi Qarshi shahar «Yermulkkadastr» korxonasining bir parcha qog‘ozini oylar davomida ololmadi. Afsuski, shu qog‘ozsiz tadbirkor o‘z faoliyatini davom ettira olmaydi.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.