O‘zbekistonda LOR kasalliklari bo‘yicha ixtisoslashgan markaz ochiladi

Jamiyat 09:43 / 02.11.2019 4611

Qonunchilik palatasida 2019 yil 31 oktabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi bajarilishining borishi to‘g‘risida»gi hisoboti eshitildi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatiga ko‘ra, hukumat hisobotidan so‘ng davom etgan muhokamalar, savol-javoblarda deputatlar tomonidan dolzarb masalalar ko‘tarildi. Xususan, deputat Alisher Hamroyev Hukumat a'zolari e'tiborini sog‘liqni saqlash tizimida kuzatilayotgan muhim bir masalaga qaratdi.

- Joylarga borganimizda tibbiyot muassasalariga ham, albatta, kiramiz, - deydi u. - O‘rganishlarimiz jarayonida keyingi yillarda boshqa xastaliklarga qaraganda ko‘proq tomoq, burun va quloq kasalliklari o‘sishi tendensiyasi kuzatilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. To‘g‘ri, davolash ishlari olib borilyapti. Davolovchi shifokorlarimiz malakasiga e'tiroz yo‘q. Ammo tibbiyot xodimlarining ayni kasalliklarni davolashda zarur bo‘ladigan tibbiy asbob-uskunalar bilan ta'minoti masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Undan ham muhimi, o‘zimizda davolash muolajasi choralarini ko‘radigan, ilmiy-tadqiqot hamda ilg‘or xorijiy amaliyotni targ‘ib etadigan biror bir baza, markaz ham yo‘q.

Parlament a'zosining ta'kidlashicha, tomoq, burun va quloq kasalliklarini davolash bo‘yicha ilmiy-amaliy, uslubiy jihatdan vertikal targ‘ib qilish markazini yaratish vaqti allaqachon kelgan. Boisi, tibbiyot sohasidagi barcha muhim yo‘nalishlarda markazlar mavjud. 

«Biroq ana shu soha bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar, amaliy natijalarni keng tarqalishga yordam beradigan, investitsiyalar jalb etish, innovatsiyalarni joriy qilishga ko‘maklashadigan, umuman, bunday ishlarga bosh bo‘ladigan markaz tashkil etish vaqti kelmadimi?» - deya hukumat a'zolariga yuzlandi deputat A.Hamroyev.

Majlisda ko‘tarilgan ushbu masalaga sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov quyidagicha javob qaytardi:

- Haqiqatan ham, bugungi kunda tomoq, burun va quloq kasalliklari, ya'ni LOR xastaliklari bo‘yicha bemorlarimiz soni oz emas. Mazkur xastaliklar o‘z vaqtida davolanmasa, boshqa og‘ir, jiddiy kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu, ayniqsa, bolalarda juda ko‘p uchraydi.

Shu nuqtai nazardan, deputat ko‘targan masala haqiqatan ham dolzarb hisoblanadi. Shu bois, ayni masala yuzasidan markaz tashkil qilish yuzasidan ish olib borilyapti. Ayni paytda Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi va milliy dastur tayyorlanib, tegishli vazirliklar bilan kelishish jarayoni ketmoqda. Ya'ni, bu yo‘nalishda ish ketyapti. Bunday markaz, albatta, ochiladi.

Ko‘proq yangiliklar: