IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari ta'lim muassasalarida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi

Jamiyat 18:49 / 02.11.2019 25028

IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari joylarda o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlari doirasida ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ‘ibot tadbirlarini uyushtirishmoqda. 

Xususan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi 31-sonli, Paxtaobod tumanidagi 16-sonli hamda Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi 4-sonli, Boyovut tumanidagi 52-sonli umumta'lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda “Tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas'uliyati” haqida so‘z yuritildi. 

O‘tkazilgan tadbirlarda vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma'naviy asosi hisoblanishi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo‘lishi haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, yoshlarda yuksak ma'naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat kabi olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga alohida e'tibor qaratildi.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, mahallalarda sog‘lom muhitning barqarorligini ta'minlash hamda o‘z Vatanining ravnaqi yo‘lida yoshlar mas'uliyati amaliy misollar orqali tushuntirib berilmoqda. 

– IIV Malaka oshirish institutining professor-o‘qituvchilari tomonidan maktab o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bizlar uchun katta saboq bo‘ldi, – dedi Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani 31-sonli umumta'lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Azizbek Yo‘ldoshev. – Tadbirda yurtimizda biz yoshlarga yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish, tinchlikni qadriga yetishimiz, ushbu bebaho ne'matni saqlashda nima ishlar qilishimiz lozimligi to‘g‘risida aniq misollar bilan tushuntirildi. Shuningdek, “Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusida o‘tkazilgan viktorina biz o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi, unda berilgan savollar qiziqarli bo‘ldi. Bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishini xohlar edik, negaki ular orqali biz huquqiy bilimlarimizni ham oshirdik. Tashkilotchilarga katta rahmat.

– Maktabimizda poytaxtimizdan kelgan mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tengdoshlarim qatori, menda ham katta taassurot qoldirdi, – deydi Shirin shahridagi 4-sonli umumta'lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Mohira Ne'matjonova. – Yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetishi, uni asrab-avaylashga hissa qo‘shishda har bir kishining mas'uliyati, burchi haqida tushunchalar berildi hamda o‘tkazilgan viktorina orqali biz o‘zimizga tegishli ma'lumotlarni oldik. Ayniqsa, “Siz vatanparvarlik, adolatparvarlik, halollik, odillik, sadoqatni qanday tushunasiz?” degan savolga o‘quvchilarning turli yondashuvlari bilan bahs-muzokaraga aylanib ketdi. Bu tadbirni tashkil etgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga, Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilariga minnatdorchilik bildirib qolamiz. 

Hay'at a'zolari o‘quvchilarning faol ishtiroki hamda bilimlari yuzasidan ijobiy fikr bildirib, yuqori o‘rinlarni egallagan jamoa a'zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: