«Vaqf» mablag‘larini nimalarga sarflamoqda? Jamg‘arma o‘z faoliyatini ochiqladi

Jamiyat 12:03 / 01.11.2019 5738

«Vaqf» xayriya jamoat fondiga 30 oktabr sanasiga qadar 164 mlrd so‘m miqdorida mavblag‘ kelib tushgan. Shundan 122 mlrd.dan ortiq mablag‘ masjidlar hisob raqamlariga, salkam 25,5 mlrd so‘m mablag‘ ziyoratgohlar hisob raqamlariga kelib tushgan. Fond rahbari Iskandar Xalilov Islom nuri gazetasiga bergan intervyusida jamg‘arma faoliyatiga doir savollarga oydinlik kiritdi

Uning bildirishicha, joriy yil 30 oktabr sanasiga qadar, «Vaqf» fondi hisob raqamlariga 164 milliard so‘m miqdorida mablag‘ kelib tushgan. Shundan, xayriya hisob raqamiga 1 mlrd 201 mln so‘m, zakot hisob raqamiga 5,6 mlrd so‘m, vaqf hisob raqamiga 758 mln so‘m, masjidlar hisob raqamiga 122,3 mlrd so‘m va ziyoratgohlar hisob raqamiga 25 mlrd 464 mln so‘m tushgan.

Ushbu mablag‘lar esa, «Vaqf xayriya jamoat fondining daromadlarini shakllantirish va mablag‘larini, tovar moddiy boyliklarini taqsimlash Yo‘riqnomasi»ga asosan 
quyidagi xarajatlar uchun sarflangan:

 Xayriya hisob raqamidan:

·       25 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj tashkilotga 130 mln so‘m;

·       4 766 ta kam ta'minlangan va yordamga muhtoj oilalarga zakot va xayriya pullari hisobidan 5 mlrd 043 mln so‘m.

 Masjidlar hisob raqamidan:

·       masjidlar va vakilliklarning talabnomalariga asosan 110,7 mlrd so‘m.

Ta'kidlanishicha, Fond mablag‘larining asosiy qismi masjidlardagi ehson qutilari orqali shakllansa-da, mablag‘larning aksar qismi yana masjidlar xarajatlariga yo‘naltiriladi. Xususan, masjidlardan tushgan mablag‘larning 75 foizi ularga qayta yuboriladi. 10 foizi O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakillariga, 10 foizi idora faoliyatini tashkil etishga beriladi. Faqat 5 foizi Fond ixtiyorida qoladi. Biroq, mazkur 5 foiz hisobiga 700 dan ziyod daromadi kam masjidlarning imom-xatiblariga oylik maosh beriladi. Bu 370 mln so‘mni tashkil etmoqda.

 Ziyoratgohlar hisob raqamidan:

·       ziyoratgohlar va filiallarning talabnomalariga asosan 19,8 mlrd so‘m.

Aksiyalar hisob raqamlaridan:

·       aksiyalar maqsadi bo‘yicha 3,1 mlrd so‘m.

Asosiy hisob raqamdan 3 mlrd 800 mln so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.

Qayd etilishicha, 2019 yil 20 sentabr holatiga ko‘ra, Fondning maxsus hisob raqamlarida jami 21 mlrd 465 mln so‘m miqdorida qoldiq mablag‘ mavjud. 

Yuqoridagilardan tashqari, 2190 nafar kam ta'minlangan, yordamga muhtoj oilalarga 2 milliard 584 million 587 ming so‘mlik moddiy yordam hamda 80 million so‘mlik 40 dona nogironlik aravachalari tarqatilgan, ijtimoiy yordamga muhtoj 3 nafar fuqaroning uyi 8,9 mln so‘mlik Fond mablag‘lari va homiylarni jalb etgan holda qayta ta'mirlangan. 

“Vaqf” fondi tomonidan joylardagi 700 dan ziyod olis hududda joylashgan va kam daromadli masjidlar imom-xatiblariga oylik maoshlari uchun har oy 370 million so‘m miqdorda mablag‘ ajratilmoqda.

Toshkent islom institutida 60 o‘ringa mo‘ljallangan darsxona, o‘quv predmetlari, ta'lim dastgohlari, oshxona va yotoqxona uchun 190 million so‘m mablag‘ sarflandi. Bu yerda tahsil olayotgan tushumi past bo‘lgan masjidlarda xizmat ko‘rsatuvchi 59 nafar imom-xatiblarga 190 mln 777 ming so‘m miqdorida to‘lov-kontrakt mablag‘i o‘tkazib berilgan.

Joriy yil fevral oyida Surxondaryo viloyatidagi “Bog‘i Obod”, “Sebzor” va “Ehtirom” mahallalarida istiqomat qilayotgan 8 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Bu ishlarga jami 70 million so‘m sarflandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Ramazon oyida 157 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgan. Qolaversa, Ramazon oyida 2 milliard so‘m zakot va xayriya mablag‘lari haqdorlarga yetkazilgan.

“Hilol-nashr” nashriyotida chop etilgan 93 million so‘mlik 3000 dona Qur'oni karim kitoblari barcha viloyatlardagi jome masjidlarga hadya qilindi. Umuman, diniy kitoblarga 17,7 mln so‘m, talaba o‘g‘il-qizlar shartnomalarini to‘lashga 224,3 mln so‘m to‘lov-kontrakt mablag‘lari to‘langan. 30 mln so‘mlik 10 dona kompyuter jamlanmasi, Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan oq qon (leykoz) kasalligi bilan kasallangan bemorlarning 85 nafariga 137 million so‘m yordam pullari berilgan.

Ma'lum qilinishicha, eshitish va gapirishda nuqsoni bor fuqarolar uchun barcha viloyatlarda juma ma'ruzalarini surdo tarjimalarini namoyish qilish loyihasi bo‘yicha 70 million so‘m mablag‘ ajratilgan, Navoiy shahrida homiylar yordamida 7 ta nikoh va 35 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berilgan. Yosh oilalarga xayriya tariqasida 3 500 000 so‘mlik elektr-texnika jihozlari, sunnat to‘yi o‘tkazilayotgan bolalarga esa velosiped va kiyim-kechaklar yetkazib berildi.

2018 – 2019 yillar davomida ziyoratgohlarni qurilish-ta'mirlash, obodonlashtirish, kommunal to‘lovlarni to‘lash va 750 nafarga yaqin ziyoratgohlarda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning ish haqlari va boshqa xarajatlarga jami 19,8 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan. Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlarining eng olis va chekka hududlarida joylashgan bir necha masjidlarning bunyod etish ishlariga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ miqdoridagi qurilish materiallari yetkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Vaqf» xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, masjidlar va diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.

Ko‘proq yangiliklar: