1 noyabr kuni Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida gaz ta'minoti bilan bog‘liq texnogen avariya yuz berdi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.
O‘zboshimchalik bilan olib borilgan qazish ishlari natijasida katta gaz quvuriga zarar yetkazilgan. Natijada bir necha mahallalarda gaz bosimi keskin pasayib ketgan.
Muammo yuzasidan «Hududgaz» korxonasining Urganch shahar bo‘limi boshlig‘i Bekmurod Vaisovdan izoh oldik.
«1 noyabr kuni tushga yaqin Urganch shahrida gaz ta'minoti bilan bog‘liq avariya yuz berdi. Ekskavator zavodi yaqinida traktor o‘zboshimchalik bilan qazish ishlarini olib borgani natijasida, gaz quvuriga zarar yetkazilgan. Natijada, shaharning bir necha mahallalarida gaz bosimi pasayib ketdi. Bu haqda tegishli idoralarni, prokuratura, shahar hokimligini xabardor qildik.
Kunning yarmida olib borilgan ta'mirlash ishlari natijasida bu avariya oqibatlari bartaraf qilindi. Soat 18-00dan boshlab gaz bosimini yana ko‘tardik. Soat 19-30ga qadar shaharda gaz ta'minoti to‘liq tiklanadi.
Traktor haydovchisining bizdan ruxsat olmasdan, o‘zboshimchalik bilan qazish ishlarini olib borgani yuzasidan surishtiruv o‘tkazmoqdamiz. Yetkazilgan zararni undirib olish choralarini ko‘ramiz.
Qish mavsumi rejimiga qachon o‘tiladi? 1 noyabrdan boshlab qish mavsumi rejimiga o‘tish boshlandi. 2-3 kun ichida bosqichma-bosqich tarzda gaz bosimini oshiramiz», - dedi Bekmurod Vaisov.
Qo‘shimcha qiladigan bo‘lsak, so‘nggi paytlarda gaz quvurlariga yaqin joylarda o‘zboshimchalik bilan qazish, qurilish ishlarini boshlab yuborish holatlari ko‘paygan. Gaz ta'minoti idoralarini ogohlantirmasdan, ruxsat olmasdan bunday ishlarni boshlash qat'iyan man qilingan. O‘zboshimchalik va e'tiborsizlik bilan qilinayotgan bunday ishlar katta texnogen va boshqa avariyalarga olib kelishi mumkin.