TIV Leningradda O‘zbekiston fuqarosi ishtirokida fojia yuz berganini tasdiqladi

Jamiyat 11:08 / 30.10.2019 7447

O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi 2019 yilning 26 oktabr kuni Leningrad oblasti Lomonosov tumanida O‘zbekiston fuqarosi N.T. yuk poyezdi bilan sodir bo‘lgan baxsiz hodisa oqibatida vafot etgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan hamda mazkur holat bo‘yicha tergov ishlarini olib borayotgan tegishli organlar bilan aloqa o‘rnatgan.

47news xabariga ko‘ra, erkak kishi 26 oktabr kuni kechqurun poyezd ostida qolgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yaqin joydagi maydonchada quruvchi bo‘lib ishlaydigan 42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi.

Poyezd mashinistining so‘zlariga ko‘ra, u temir yo‘ldan ketayotgan piyodani payqagan va unga chetga chiqish signalini chalgan, lekin qaytarma qalpoqda bo‘lgan erkak bunga reaksiya bildirmagan. Poyezd soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan tezlikda harakatlangani aytiladi. Favqulodda to‘xtashga qaramay, to‘qnashuv oldini olishning imkoni bo‘lmagan.
 
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan va eslatishicha, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk oblasti, Kaliningrad oblasti, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad oblasti, Murmansk oblasti, Nenets avtonom okrugi, Novgorod oblasti, Pskov oblasti, Sankt-Peterburg shahri, Vologda oblasti) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.

Ko‘proq yangiliklar: