Ozarboyjon AZAL samolyoti halokati bo‘yicha Rossiya ustidan xalqaro sudga da’vo tayyorlamoqda

Jahon 22:39 / 06.02.2025 1113

Ozarboyjon Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalarining Azerbaijan Airlines samolyotiga bergan zarbasi yuzasidan xalqaro sudga da’vo tayyorlamoqda, deb xabar berdi Azeri-Press agentligi.

Agentlikning ta’kidlashicha, Qozog‘iston Transport vazirligining AZAL samolyoti halokati bo‘yicha dastlabki hisoboti e’lon qilinganidan so‘ng, «Rossiya tomoni voqeani noxolis izohlashda davom etmoqda».

Hisobotga ko‘ra, soat 05:13:32 da samolyotning birlamchi boshqaruv tizimlari ishdan chiqqan, soat 05:21:42 da muvofiqlashtiruvchi boshqaruvchi Grozniyga «Kovyor» operatsiyasi boshlangani haqida xabar bergan.

«Biroq, samolyot ekipaji bu haqda oldindan bilishi mumkin emas edi, bu esa Rossiya rasmiylari tomonidan ma’lumotni yashirishga urinishdan dalolat beradi», deyiladi xabarda.

Nashrning yozishicha, bu faktlarga qaramay, rossiyalik rasmiylar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari voqeaga aloqadorligini inkor etishda davom etmoqda va aybni ekipaj zimmasiga yuklashga urinmoqda. Bu taktika 2014 yilda Donbass osmonida urib tushirilgan Malayziyaning Boeing 777 samolyoti bilan bog‘liq vaziyatni eslatadi, buning uchun «Moskva haligacha javobgarlikni tan olmagan».

«Ayni paytda Grozniydagi Xonqala harbiy bazasida tergov davom etmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotga ushbu harbiy baza hududidan o‘t ochilgan», deyiladi xabarda.

O‘t ochishga buyruq bergan va o‘q uzgan shaxslar, shuningdek, qurol turi haqidagi ma’lumotlar Ozarboyjon rasmiylarida bor, deb yozdi Reuters 4 fevral kuni.

«Barcha bu faktlar, dalillar va ishoralar mavjudligiga qaramay, Rossiyaning tergovni boshqa tomonga yo‘naltirishga va aybni ekipajga yuklashga urinishlari juda afsuslanarli. Ayni paytda tergovda Qozog‘istondan tashqari Ozarboyjon, Rossiya va samolyotni ishlab chiqargan mamlakat Braziliya mutaxassislari ham ishtirok etmoqda. Ya’ni, dastlabki hisobotda aks etgan barcha faktlar Rossiya tomoniga ham ma’lum», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Ozarboyjon o‘z sharoitlari va talablarini aniq belgilab bergan, ular eng yuqori darajada Rossiya tomoniga bildirgan. Ozarboyjonda samolyotni urib tushirgan Rossiyaning «Pansir-S» raketasi parchalari bor.

«Hozir dalillar bazasi shakllantirilib, fakt va dalillar to‘planib, xalqaro sudga shikoyat qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda», deyiladi xabarda.

Qayd qilinishicha, shunga qaramay, Rossiya bilan muloqot eshiklari ochiqligicha qolmoqda. Moskva o‘z aybini ochiq tan olishi va javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak, aks holda, «Boku keyingi qadamlarga tayyor».

2024 yil 25 dekabr kuni AZAL aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti Qozog‘istonning Oqtov aeroporti yaqinida qulagan edi. Halokat oqibatida 38 kishi nobud bo‘ldi, 29 kishi jarohat oldi. Samolyot halokati bo‘yicha dastlabki hisobotda aytilishicha «gidravlik tizimga shikast yetkazilgan va bu tashqi obekt ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin».

Ko‘proq yangiliklar: