“Bir oydan keyin ham hech narsa o‘zgarmaydi” - Tramp Kanadaga bojni bekor qilishga majbur bo‘ladimi?

Jahon 21:53 / 06.02.2025 1475

Donald Trampning yangi savdo urushi Kanada, Xitoy va Meksika bilan boshlandi, lekin ko‘p o‘tmay, u ikki qo‘shnisini 1 oyga “afv etdi”. 30 kunga muzlatilgan bojlar evaziga chegara nazoratini kuchaytirish kafolati olingan. Kanada Konservativ partiyasi a’zosi Obidxon Mamadaliyev fikricha, 1 oydan keyin ham hech nima o‘zgarmaydi, boj solinmaydi, chunki bundan AQShning o‘z iqtisodiyoti juda katta zarar ko‘radi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bojlarni boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ko‘radi. Qayta saylangan siyosatchi AQShning uch gigant savdo sherigini “jazolash”ga kirishdi. Kanada va Meksikaga 25 foiz, Xitoyga qo‘shimcha 10 foizli bojlar e’lon qilarkan, ikki qo‘shnisi bilan gaplashgan Tramp Ottava va Mexikoga 30 kunlik “muhlat” berdi. Evaziga esa AQShning shimoliy va janubiy chegaralari jiddiy qo‘riqlanishi kerak.

Tramp Meksika prezidentidan chegaraga 10 ming askar yuborish va’dasini oldi, Tryudoga esa chegaradan noqonuniy migrantlarni o‘tkazmaslik, sintetik giyohvand moddalar oqimiga chek qo‘yish vazifalarini topshirdi.

Kanada Konservativ partiyasi a’zosi, Alberta provinsiyasida yashovchi Obidxon Mamadaliyevning fikricha, Trampning Kanadaga qaratilgan bojlari qog‘ozda qolib ketishi aniq. Prezident farmonni chiqarsa-da, uni bajarish o‘ta mushkul, Amerikaning o‘zi yutqazadi, deydi yurtdoshimiz.

Kanadaning AQShga eksporti 250 mlrd dollardan ko‘proq, import esa shundan 50 mlrd dollarga kam. Bojlar o‘rnatilishi narx-navo qimmatlashiga olib keladi, oqibatda odamlarning ish haqini ham oshirish kerak. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni topguncha esa bozor to‘xtab qoladi. Bu iqtisodiyotga katta zarar”, – deydi Obidxon Mamadaliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning Kanadani nishonga olishiga sabablardan biri – shaxsiy adovat. 2019-2024 yillarda Kanada bosh vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Kristia Friland Tramp prezidentligining birinchi davrida u bilan jiddiy tortishuvga borib, Trampni haqoratlagan.

Tramp bilan qattiq munozara bo‘ldi, hattoki, Kristia xonim uni haqoratladi. Shundan keyin Tramp Kanadadan importga boj haqida gapira boshladi. Lekin ulgurmadi, saylov bo‘lib, Baydenga yutqazib qo‘ydi. Mana ikkinchi muddatga kelib, darhol eski siyosatiga yopishmoqda.

Birinchi navbatda u Kanada orqali AQShga o‘tayotgan migrantlarni eslatyapti. Kanadaga vizasiz kirish huquqiga ega meksikaliklar Kanada orqali Amerika tomon intilayotgani rost. Bu bo‘yicha chegara nazoratini kuchaytirishga Kanada rozi bo‘ldi. Trampning diplomat emasligi, qo‘shnilari bilan yaxshi aloqalarni olib borolmasligi ham bojlarga sabab”, – deydi Kanada konservativ partiyasi a’zosi.

Bir oydan keyin nima bo‘ladi?

Kanadaga bojlar 1 oyga to‘xtatilgan, hamma 30 kundan keyin nima bo‘lishini o‘ylamoqda. Obidxon Mamadaliyevning fikricha, hech nima bo‘lmaydi, bojlar 1 oydan keyin ham kiritilmaydi. Chunki bu birinchi marta emas, deydi u.

Ontarioda juda keskin choralar ko‘rilmoqda, hattoki do‘konlarda Amerika tovarlari, xususan, alkogollarni olib tashlash buyurildi. Aholi Kanadada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni olishga chaqirilyapti. Eng muhimi, Trampning eng yaqin safdoshi bo‘lgan Ilon Mask bilan Ontarioning 100 mlrd dollarlik shartnomasi bekor qilindi”.

Ontario provinsiyasi bosh vaziri Dag Ford Trampning bojlariga keskin javob bermoqda. Mabodo 30 kundan keyin qayta savdo tariflari amal qilishni boshlasa, Ontario Amerika mahsulotlaridan voz kechadi, Mask bilan shartnomalarini bekor qiladi.

Bundan tashqari, Kanada siyosiy elitasi davlat miqyosida javob choralarini berishga hozirlanmoqda. Hozircha 30 mlrd dollarlik tovarlar uchun 25 foizlik javob boji qarori e’lon qilingan, 30 kunga bu ham muzlatilgan holda qolmoqda. Savdo tariflari hisobiga Kanadada oziq-ovqat mahsulotlari, alkogol, mebel, sanoat mahsulotlari, avtomobillar narxi qimmatlashishi mumkin. 25 foiz deyilgani bilan, iste’molchi qo‘liga yetib borguncha bu 30-35 foizga aylanadi, deydi Obidxon Mamadaliyev.

25 foiz degani bilan, uning transport xarajatlari, qo‘shimcha haqlar, sotuvchi foydasi hisoblansa, tovarlar kamida 30-35 foizga qimmatlagan holda iste’molchiga yetib borishi mumkin. Avtomobillarga kelsak, Kanada bu borada AQShga qaram emas. Yevropa va Xitoyning mashinalari juda ko‘p”, – deydi suhbatdoshimiz.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

TeGLAR:

Kanada, AQSh, Donald Tramp

Ko‘proq yangiliklar: