Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha hali rasmiy rejasi yo‘qligini aytdi.
«Rasmiy reja hali yo‘q. Turli nashrlarda tarqalayotgan rejalar... ishonchim komil, bu prezident Trampning rasmiy rejalari emas», dedi Ukraina rahbari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, bunday reja qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida Kiyevda «tasavvur» bor va «aniq bandlar» Tramp inauguratsiyasidan oldin ham AQSh bilan muhokama qilingan.
Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy reja haqida turli talqinlar bo‘ladi. Qaysidir ma’noda, bu xabarlar, dedi u, haqiqatga to‘g‘ri kelishi mumkin, lekin ko‘p hollarda bunday emas. «Biz hali ham rasmiy muzokaralar va rasmiy natijalarni kutamiz», deb qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
Yanvar oyi oxirida Ukrainaning «Strana.ua» nashri urushni 100 kun ichida tugatish rejasini e’lon qildi, ta’kidlanishicha, bu reja Donald Trampning jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan. Nashrning ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda bu reja «Ukrainadagi siyosiy va diplomatik doiralarda faol muhokama qilingan».
Avvalroq, Tramp maslahatchilari Ukraina uchun tinchlik rejasining bir nechta variantini taklif qilgan edi. Unda Ukraina NATO a’zosi bo‘lish niyatidan voz kechishi va hududlarni Rossiyaga boy berishi haqidagi bandlar bo‘lgan.
Bloomberg xabariga ko‘ra, AQSh ittifoqchilari Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellogg tomonidan AQSh prezidentining urushni tugatish rejasi taqdim etilishini kutishgan edi. Tadbir Germaniyada 14-16 fevral kunlari bo‘lib o‘tishi kerak. Biroq, Kellogg bu xabarlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rejani Trampning o‘zi taqdim etadi, ammo «bu keyingi haftada amalga oshmaydi».