Saida Mirziyoyeva: «O‘zbekistondagi madaniyat muassasalari imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moslashmagan»

Jamiyat 20:32 / 30.10.2019 22263

«Samarkand Half Marathon» – O‘zbekiston tarixida ilk marotaba o‘tkazilayotgan xalqaro xayriya yarim marafoni munosabati bilan 30 oktabr kuni matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva O‘zbekistondagi inklyuziya muammosi xususida nutq so‘zladi.

Ma'lum qilinishicha, BMT ma'lumotlariga asosan, Yer yuzi aholisining 15 foizi, ya'ni bir milliarddan ortiq insonning turli ko‘rinishdagi nogironligi mavjud. 2019 yilda O‘zbekistonda 710 mingdan oshiq imkoniyati cheklangan shaxs ro‘yxatga olingan.

«Inklyuziya – butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Mazkur konsepsiyaga asosan, salomatligidan qat'i nazar, har bir odamga jamiyatdagi moddiy va ma'naviy boyliklardan bahramand bo‘lishga va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim. «Samarkand Half Marathon» loyihasining asosiy maqsadi ham shu.

Biz bu tadbir orqali jamoatchilik e'tiborini madaniyat va san'at obektlaridagi inklyuzivlik muammosiga qaratmoqchimiz.

Marafonni o‘tkazish uchun bejizga Samarqand shahri tanlanmagan. Milliy-madaniy, tarixiy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu madaniy boyliklardan hamma ham bemalol foydalana oladimi? Mazkur loyihaga tayyorgarlik jarayonida o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, respublikadagi deyarli barcha madaniyat muassasalari inklyuziv toifa vakillariga moslashmagan», ─ deydi Saida Mirziyoyeva.

AOKA direktor o‘rinbosari o‘z nutqida inklyuziya masalasining hal etilishi uzluksizlikni talab etishini, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etib o‘tdi.

«Inklyuziya muhitini yaratish – oson bo‘lmagan, uzoq muddatli, rejali ishni talab qiladigan masala. Bunda bir marotabalik tadbirlar bilan cheklanish xatodir. Loyihalar davomli ko‘rinishda bo‘lishi lozim.

Misol uchun, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy ko‘nikmalarini oshirish, ko‘zi ojiz va ko‘rish qobiliyatida muammosi borlarni darsliklar, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan ta'minlash ishlari yo‘lga qo‘yilyapti.

Biz «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasida bosqichma-bosqich inklyuziv sharoitni yaratishga harakat qilyapmiz», ─ deydi u.

Saida Mirziyoyevaning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda san'at asarlarining ko‘zi ojizlar uchun taktil, paypaslab ko‘riladigan modellarini ishlab chiqarish tajribasi o‘rganilayotgan bo‘lib, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan yarim marafonning ta'lim dasturi doirasida ana shunday eksponatlardan iborat ko‘rgazma uyushtiriladi.

Ulug‘bek madrasasida o‘tadigan mazkur ko‘rgazmada Savitskiy muzeyidagi mashhur tasviriy asarlarning taktil modellari hamda Registon ansamblining detalli 3D modeli namoyish etiladi. Ko‘zi ojiz mehmonlar eksponatlar to‘g‘risida ma'lumotlar bilan relef-nuqtali Brayl alifbosi va tifloizohli audiogid orqali tanishishlari mumkin bo‘ladi.

Xalqaro xayriya marafoni kabi tadbirlarning imkoniyati cheklangan shaxslar uchun o‘ta ahamiyatli ekanligini ta'kidlar ekan, Saida Mirziyoyeva anjuman ishtirokchilarini birpasga ko‘zi ojizlar holatini tasavvur qilishga chaqirdi.

«Faraz qiling. Mana hozir, yig‘ilishdan keyin ko‘zingizni yumib xonadan chiqib ketishga to‘g‘ri kelsa. Xuddi shu holatda zinadan tushib, transportga o‘tirib, ishga, boshqa manzilga yo‘l olsangiz. Besh, o‘n daqiqa, nari borsa yarim soat ko‘zingizni yumib yashasangiz... Tasavvur qilish qiyin-a?!  Kimlardir esa bu holatda bir umr yashaydi», ─ deydi u.

Ma'lumot uchun, xalqaro xayriya marafoni 1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda professional hamda havaskor yuguruvchilar, shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslar ishtirok etadi.

Marafon 21, 10, 2 kilometrga yugurish musobaqalari bilan birga, imkoniyati cheklanganlar uchun san'at asarlari ko‘rgazmasi hamda kinofestivalni o‘z ichiga oladi.

Marafonda ishtirok etish uchun qilingan to‘lovdan tushgan mablag‘lar O‘zbekistondagi madaniyat va san'at muassasalarida inklyuziv sharoitni yaratish uchun sarflanadi.

Ko‘proq yangiliklar: