Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, 29 oktabr kuni soat taxminan 11:00 atrofida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Boburtepa qishlog‘i hududida «UAZ» rusumli avtomashina yo‘ldan chiqib ketishi natijasida 11 kishi turli darajada jarohatlangan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi voqea joyida vafot etgan. Yana 10 kishi Qamashi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga murojaat qilishgan. Ulardan uch nafari shifoxonaga yotqizilgan, 7 nafariga esa ambulator yordam ko‘rsatilgan.
Statsionar yotqizilgan bemorlar: 1996 yil tug‘ilgan S.A. «Bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi, bo‘yin umurtqasining yopiq sinishi, orqa miyaning lat yeyishi» tashxisi, 1980 yilda tug‘ilgan T.B. «Bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi, miya shishi» hamda 1995 yilda tug‘ilgan I.A. «Yuz sohasida ko‘plab shilingan jarohatlar» tashxisi bilan davolanmoqda.
«Ular malakali shifokorlar nazoratida bo‘lib, zamonaviy standartlar asosida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Bundan avvalroq 28-29 oktabr kunlarida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 3ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi va 2 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.