Oltiariqda Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri mutaxassisi fuqarodan 30 000 AQSh dollari talab qildi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Qayd etilishicha, mahkama huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi, DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda «Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi Oltiariq tuman filiali mutaxassisi E.M. va boshqalar oldindan til biriktirib, fuqarolar O.N. va F.T.larning ishonchiga kirib, «M» fermer xo‘jaligiga tegishli takroriy ekindan bo‘shagan 5 gektar yer maydonini fuqaro O.N.ning nomiga bog‘dorchilik yo‘nalishi uchun ajratib berish va tuman hokimining qarorini chiqartirib berish evaziga 30 000 AQSh dollari talab qilib, shundan, 22 000 AQSh dollari va 28,5 mln. so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan «Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi Oltiariq tumani filiali 2-toifali mutaxassisi E.M. va boshqalarga nisbatan JKning 168 va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.