3 fevral kuni Moskvadagi «Alyye Parusa» turar joy binosida portlash sodir bo‘lgani haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Hodisa oqibatida jinoyat olami vakili Armen Sarkisyan halok bo‘lgan. YouTube kanalimizdagi navbatdagi videoda hodisa nimasi bilan ahamiyatli ekaniga to‘xtalamiz.
Moskvaga borganlar yaxshi bilishadi, «Alyye Parusa» Moskva daryosi bo‘yida qurilgan, «Spartak» stadionidan sal narida joylashgan bu kompleks shahardagi eng ko‘rkam turar joy binolaridan. Moskva shundog‘am qimmat shahar, bu bino esa Rossiya poytaxtidagi ko‘p qavatli uylar orasida ham eng elitlaridan.
Kompleks yaxshigina qo‘riqlanadi, oddiy odam portlovchi moddani bemalol olib kirib portlatolmaydi. Mana shunday qimmatbaho uy pod’yezdida portlash bo‘lib, Rossiyadagi urushda faol qatnashayotgan kriminal avtoritet halok bo‘ldimi, demak bu voqeani e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
Donbasslik armani
Armen Sarkisyan asli Armanistonda tug‘ilgan, lekin bolaligida uning oilasi Ukrainaning Donetsk oblastidagi Horlivka shahriga ko‘chib ketgan. 90-yillarda Horlivkadagi jinoiy to‘dalarga qo‘shilgan Armen tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. 2000-yillarda esa jinoyat olamiga ta’sir ko‘rsata oladigan avtoritetga aylanadi. Jinoyat olamida Armen Gorlovskiy nomi bilan taniladi. U yetakchisiga aylangan jinoiy to‘dalar spirtli ichimliklar savdosi, taksi biznesini boshqargan. Ukrain nashrlariga ko‘ra Rossiyadagi jinoiy to‘dalar bilan birga narkotik savdosiga ham kirgan.
Bu jinoyat olami vakili Ukrainaning sobiq prezidenti, 2014 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin Rossiyaga qochgan Viktor Yanukovichga yaqin odam deb qaraladi. 2010 yil Yanukovich ikkinchi urinishda Ukraina prezidentiga aylangach, Armen Gorlovskiy prezidentning do‘sti Yuriy Ivanyushchenko orqali Ukraina IIV rahbariyati bilan aloqa o‘rnatadi. Keyinchalik Donbassdagi ko‘mir savdosini nazoratga olgan. Bu esa juda katta pulga boshliq bo‘ldi degani. Axir Donbass so‘zining kengaytmasi «Donetskiy ugolniy basseyn» degani, ya’ni Donetsk ko‘mir havzasi. Gorlovskiyning Donbassda shunchalik ta’sir doirasi katta bo‘ladiki, jurnalistlar uni mahalliy kulrang kardinal deb atashadi.
Yakunovichning ag‘darilishi bilan tugagan Yevromaydan voqealari esa Armen Gorlovskiyni siyosiy darajaga olib chiqadi. U Donbassdagi ayirmachilarni qo‘llab, maydanni bostirish uchun odam yollaydi. Yanukovich ag‘darilgach, yangi hukumat Armen Gorlovskiyni qidiruvga beradi. O‘shandan buyon kriminal avtoritet Rossiyada yoki Donbassning Kiyev nazorat qilmaydigan hududlarida yashab keladi.
Armen Sarkisyan yoki Armen Gorlovskiy Rossiyada ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Xususan, uy qurib sotadi, tamaki savdosi bilan shug‘ullanadi. Ammo bular uning o‘limi haqida video qilishimiz uchun sabab bo‘lolmaydi. Keyinroq u Rossiya hayotida muhim bir bosqichda qatnashadi...
Prigojinga raqobatchi qo‘mondon
Kriminal avtoritet 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ruslar tomonidan turib jang qilishni boshlaydi. Shunchaki urushmaydi, aftidan «Lyube» guruhining «Kombat» degan ultrapatriotik qo‘shig‘idagi «Za nami Rossiya, Moskva i Arbat» degan jumlalaridan ruhlangan ko‘rinadi, «Arbat» degan batalyonga asos soladi.
Avvaliga batalyon etnik armanlardan tuziladi, shu sabab uni arman batalyoni deb ham atashadi. Armen Sarkisyan Kremlga sadoqatini isbotlashga jiddiy kirishadi. Unga hatto Rossiya qamoqxonalaridan urushga odam yollash imkoni beriladi. Ukraina razvedkasiga ko‘ra, bundan maqsad Armen Sarkisyan boshqaruvida Yevgeniy Prigojinning «Vagner»iga raqobatchi guruh tayyorlash bo‘lgan.
Kreml arman batalyoniga ishonch bildirib, uni Mudofaa vazirligi safiga qabul qiladi. Batalyonni hatto Moskvadagi arman cherkovi duo qiladi. Sobiq jinoyatchi Ayk Gasparyan Arbatning yangi qo‘mondoni bo‘ladi. Guruh asosan jinoyat olami vakillari orasida yetakchilar tanlaydi. Talonchilik uchun sakkiz yilga qamalgan Gasparyan Vagner safiga yollanib qamoqdan chiqqan va hatto Putin tomonidan «Jasorat» ordeni bilan taqdirlanadi.
2024 yil kuzda «Arbat» batalyoni Kursk mudofaasiga jalb qilinadi. O‘sha vaqtda Armaniston Tergov qo‘mitasi Rostov oblastidagi «Arbat»ga tegishli harbiy bazada Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga qarshi davlat to‘ntarishi rejalangani haqida xabar beradi. Bu xabarlar bejizga chiqqani yo‘q, axir Pashinyan oxirgi vaqtlarda Moskvadan uzoqlashib bormoqda.
Kim o‘ldirdi?
Aslida jinoyat olamiga kirgan odam tinchgina o‘lmasligi, qachondir nimadir bo‘lib o‘ldirilishini gardaniga olgan bo‘ladi. Jinoyat olami vakilini kim qayerda o‘ldirganining aslida bizga umuman qizig‘i yo‘q, lekin hodisa siyosiylashgani uchun bu haqda versiyalarga to‘xtalishimiz kerak.
Tergov versiyasiga ko‘ra, suiqasd Sarkisyanning biznesi bilan bog‘liq va «ta’sir doirasi qayta taqsimlanishi» uning o‘limiga sabab bo‘lgan. Biroq bu ishni Ukraina xavfsizlik xizmati qilmaganiga ham hech kim kafolat berolmaydi. Axir Kreml tomigacha dron uchirgan ofitserlar Moskvada odam portlatishni osongina uddalaydi mantiqan olib qaraganda. Portlash vaqtida Sarkisyanning yonida Viktor Yanukovichning prezidentlik vaqtidagi qo‘riqchisi Sergey Shkryabatovskiy va 2014 yil urush boshlangach Rossiya tomonga o‘tgan Qrim maxsus topshiriqli kuchlar sobiq ofitseri Oleg Kasperovich ham bo‘lgani suiqasddagi «ukrain izi» versiyasi ehtimolini oshiradi.
Sarkisyan urushda butun boshli batalyon bilan ishtirok etayotgan bo‘lsa ham, shaxsan o‘zi frontda ko‘rinish bermagan. 2024 yil fevral oyida esa uning nomi ba’zi xabarlarda paydo bo‘ladi. Demak roppa-rosa bir yil avval Armen Sarkisyanning qizi Emiliya va chechenistonlik MMA jangchisi Rasul Ochayevning mashinasi to‘qnashib ketadi. Keyin, aftidan, qiz hozir senga ko‘rsatib qo‘yaman deydi-da, sportchini dadasiga aytib beradi.
Keyin Sarkisyanning qo‘riqchilari va MMA jangchisi Rasul Ochayev o‘rtasida otishma kuzatiladi. Bu xabar fonida arman kriminal avtoriteti Sarkisyan chechen elitasi bilan ziddiyatga bordi degan gaplar chiqadi. Axir o‘sha vaqtda Sarkisyanning qiziga tegishli mashinaga to‘qnashgan Rasul Ochayev 3,5 yilga qamalgandi.
Hozircha ikki versiya ham tasdiqlangani yo‘q. Bu shunchaki taxminlar xolos. Shuningdek, Armen Sarkisyanning qizi mingan mashina ishtirokidagi yo‘l ulov hodisasi otaning taqdiriga qanday ta’sir qilgani ham aniq emas. Lekin anig‘i shuki birgina avariya inson hayotini mana shuncha shubha-gumonga ko‘mib tashlashi mumkin ekan. Kriminal avtoritetni kim o‘ldirganini aniqlashni tergovchilarga, boshqa katta odamlarga qoldiramiz-da, hodisadan o‘zimizga yarasha xulosani chiqarib turaylik: mashina haydayotganda ehtiyot bo‘ling, aslo tezlikni oshirmang...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov