Oktabr-noyabr oyi davomida Energetika vazirligi va Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan respublikaning 14 hududida davra suhbatlari va savdo yarmarkalari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
29 oktabr kuni Namangan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ana shunday tadbir tashkil etildi.
Anjumanni o‘tkazishdan asosiy maqsad ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi PQ-4422-sonli "Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning energiya samaradorligini oshirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarori mohiyati va belgilangan vazifalar, shuningdek Iqtisodiyot va sanoat vazirligining "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasi bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Qatnashchilar savdo yarmarkasida energiya samarador va qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning ko‘rgazmalari bilan tanishishdi.
“Davra suhbati” davomida mavzu yuzasidan energetika vazirligi departamenti mudiri Muzaffar Hakimov, soha mutasaddilari Alisher To‘rayev, Alisher Alimboyevlar ma'ruza qildilar.
"Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan 2011 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Loyihada Jahon banki Xalqaro taraqqiyot bankining (XTB va XTTB) 325 million dollarlik imtiyozli kredit mablag‘laridan, shuningdek, O‘zbekiston tijorat banklarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. Buning yordamida ko‘p energiya sarflaydigan korxonalar ishlab chiqarish jarayonida elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini sezilarli darajada kamaytirish imkoniyatiga ega.
2011 yildan buyon 30 dan ortiq sanoat korxonalariga imtiyozli kreditlar berildi. Bugungi kunga qadar 82 ta kichik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Loyihalar energiya talab qiladigan sohalarda amalga oshirildi: neft va gaz, tog‘-kon, kimyo, elektr energiyasi, qurilish va qayta ishlash.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida yiliga 500 million kVt. dan ortiq tabiiy gaz va 187 million kub metr tabiiy gaz tejalishi ta'minlandi. Bundan tashqari, loyihada ishtirok etuvchi kompaniyalar atmosferaga zararli chiqindilarni yiliga 580 ming metrik tonna SO2 ga kamaytirdilar.
Bundan tashqari, 2019 yil 28 iyunda ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasi doirasida Yevropa investitsiya bankidan mablag‘ jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida "gi 541-sonli qarori qabul qilindi, unga muvofiq qo‘shimcha 100 million yevro miqdorida mablag‘ jalb qilinadi.
Munozara tarzida o‘tgan “Davra suhbati” davomida energiya samarador va qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari, viloyatda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutasaddilaridan yetarli darajada javob oldilar.
Elmurod Ermatov, KUN.UZ muxbiri