Vladivostokda 4 nafar o‘zbekistonlik hayotdan ko‘z yumdi

Jamiyat 08:38 / 29.10.2019 31882

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 24 oktabr kuni ushbu shaharda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida Buxoro viloyatidan kelgan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi O.J., K.T. va J.B. vafot etdi.

Foto: primorsky.sledcom.ru

TIV xabarida aytilishicha, konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinganidan so‘ng 26 oktabr kuni hamyurtlarimizning jasadlari «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning Vladivostok-Toshkent yo‘nalishidagi reysi bilan vatanga yuborildi.

Foto: primorsky.sledcom.ru

Shuningdek, 27 oktabr kuni Vladivostok shahri bolalar kasalxonasida sog‘ligi holatining yomonlashgani sababli O‘zbekiston fuqarosi I.B. vafot etdi.

Bosh konsulxona mazkur vaziyatni nazoratga oldi va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi Vakolatxonasi bilan birgalikda marhumaning jasadini vatanga yuborish bilan bog‘liq masalalarni hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan hamda eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Uzoq sharq federal okrugi (Amur oblasti, Kamchatka o‘lkasi, Magadan oblasti, Primore o‘lkasi, Saxa Respublikasi (Yoqutiston), Saxalin oblasti, Yahudiy avtonom viloyati, Xabarovsk o‘lkasi, Chukotka avtonom okrugi) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-423-260-48-00, +7-951-018-70-07.

Ko‘proq yangiliklar: