Bugun, 29 oktabr kuni «O‘zekspomarkaz» MKMda «InnoWeeK.Uz-2019» innovatsion g‘oyalar haftaligi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirni ochib berish uchun Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, sport masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etishdi.
Ushbu haftalikni o‘tkazishdan maqsad innovatsion fikrlovchi qatlamni shakllantirish, ularning g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish ekani ta'kidlandi. O‘zbekistonning innovatsion rivojlanish strategiyasida 2030 yilda Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishi belgilangan. Bunga erishish uchun hukumat ilmiy-tadqiqotlar va «nou-hau» ishlanmalari ishlab chiqishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonlarni joriy etish, fan, ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Bugungi tadbir xalqaro miqyosda innovatsiya sohasida faoliyat yuritayotgan turli darajadagi soha vakillari va davlat organlari, innovatsion infratuzilma sub'yektlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat hududlari, texnoparklar va xususiy tadbirkorlar, shuningdek, xorij investitsiya fondlari, innovatsion markazlar va boshqa tashkilotlar uchun o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish bo‘yicha platforma vazifasini o‘taydi.
Innovatsion haftalik yildan yilga o‘z qamrovini oshirib bormoqda. 2018 yilda 20dan ortiq xorij mamlakatlaridan 5 mingdan ortiq vakillar qatnashgan bo‘lsa, bu yil 30dan ortiq davlatdan 6 mingdan ortiq innovatsion g‘oya mualliflari ishtiroki kutilmoqda.
Ushbu haftalik 29-31 oktabr kunlari «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuida bo‘lib o‘tadi.