Qamashida seldan zarar ko‘rgan ko‘prikni tiklash uchun milliard so‘mdan ko‘p mablag‘ sarflanadi

Jamiyat 14:15 / 07.10.2019 15878

Bu yil bahor fasli seryog‘in kelishi aholi uchun qator noqulayliklar tug‘dirdi. Respublikaning barcha viloyatlarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi natijasida suv toshqinlari va sel kelishi kuzatildi.

Ushbu holatlar ayrim hududlarda talafotlarga ham olib keldi. Ko‘priklar buzildi, aholi xonadonlari yaroqsiz ahvolga keldi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida ham bir nechta ko‘priklar buzilib, aholiga qator noqulayliklar tug‘ilgan edi.

Kun.uz saytida bu haqida joriy yil 6 may kuni jurnalistik surishtiruv asosida «Suv toshqinlari vaqtida Qamashidagi ko‘prik buzildi. Tabiiy ofat oqibatlariga qarshi qanday choralar ko‘rildi?» sarlavhali maqola ham e'lon qilingandi.

O‘rganishimiz davomida Qamashi tumani hokimligi buzilgan ko‘priklarni tiklash yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotganligini ma'lum qilgan edi.

Yaqinda internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu yana ko‘tarildi va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xususan, Qo‘shkapa qishlog‘ida aholiga xizmat qilayotgan ko‘prik anchadan buyon yaroqsiz holatda ekanligi, ko‘prik qishloqqa olib kiradigan yagona yo‘l ustiga qurilgani uchun qishloq ahli deyarli bir oydan beri qamalga tushganday hayot kechirayotganligi ma'lum qilindi. Shuningdek, tuman hokimligidan bu borada berilayotgan va'dalar bajarilmayotganligi bildirilgan.

Ushbu muammo yuzasidan Qamashi tuman hokimligi tahririyatga ma'lumotnoma taqdim etdi.

«Joriy yilning aprel-may oylari kuchli yomg‘ir natijasida tumanning «Qishliq», «Boburtepa» «Changak», «Dovud», «Qizilqishloq», «O‘rtadara», «Chuqurqishloq», «Ko‘kbuloq», «Qo‘shkapa» va «Olmazor» mahallalari hududida suv toshib, sel kelishi holatlari kuzatildi.

Yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish tadbirlariga tuman hokimligi, obodonlashtirish boshqarmasi, tuman favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar shaxsiy tarkibi va maxsus texnika vositalari jalb etildi. Mazkur holatlarda 6ta qulab tushgan ko‘priklar qayta tiklab berildi.

«Qo‘shkapa» mahallasidagi Gov qishlog‘iga boruvchi ichki yo‘lidagi «Qorabog‘soy» zovuridan kesib o‘tuvchi ko‘prik jiddiy zarar ko‘rib, avariya holatiga kelib qolgan.

Hozirgi kunda mazkur ko‘prikdan 1200 nafar aholi va 81-umumta'lim maktabida tahsil olayotgan 330 nafar o‘quvchi, 7ta fermer xo‘jaligi foydalanadi. Tez yordam mashinasiga zarurat bo‘lganda 4 kilometr masofani tashkil etadigan aylanma yo‘l va eski ko‘prik mavjud.

Ko‘prikning bo‘yi 30 metr, eni 10 metrni tashkil etadi. Bugungi kunda ko‘prikdan yuk va og‘ir texnikalar qatnovi to‘xtatilgan, ko‘prik faqat yengil avtomashinalar va piyodalarga xizmat ko‘rsatyapti.

Yaroqsiz holga kelgan ko‘prikni qayta tiklash bo‘yicha «Ravshan-Zar» ShXJ bilan tuman obodonlashtirish boshqarmasi o‘rtasida 2019 yil 17 sentyabrda 400 mln so‘mlik shartnoma tuzilgan. Qurilish-loyiha qiymati 1 mlrd 103 mln so‘mni tashkil etadi. Qashqadaryo kompleks loyiha qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.

Ayni vaqtda «Ravshan-Zar» ShXJ tomonidan birlamchi qurilish-montaj ishlari boshlandi. Mablag‘ masalasi hal etilgandan so‘ng ko‘prikni qurish va montaj qilish ishlari to‘liq amalga oshiriladi», – deyiladi tuman hokimligi ma'lumotnomasida.

Shuningdek, tuman hokimligi «Qo‘shkapa» mahallasidagi ko‘prikda qatnov to‘xtamagani, qishloq go‘yoki «qamalda qolgani» haqidagi xabarlar asossiz ekanligini ma'lum qildi.

Albatta, bu tabiiy ofat. Kimningdir aybi bilan vujudga kelmagan. Tuman hokimligi bu borada zarur choralar ko‘rilganligini, aholi uchun xavf tug‘dirayotgan holatlar va ko‘priklarni tiklash bo‘yicha amaliy ishlar bosqichma-bosqich olib borilayotganligini ma'lum qildi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: