Xorvatiyalik Frane Selak dunyodagi eng omadli odam deb nom olgan. U o‘tirgan poyezd ag‘darilgan, u ketayotgan mashina halokatga uchragan. Selak parvoz qilayotgan samolyotdan tushib ketgan. Uni mashina urib yuborgan. Biroq Selak har gal omon qolgan. Kimlardir u boshidan o‘tkazgan hodisalarni to‘qima deydi. Boshqalar esa ishonadi. Nima bo‘lganda ham bu shaxs eng omadli inson nomini olgan.
Bu dunyoda insonlar omad deb ataydigan hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi. Bunday kishini xursand qiluvchi ishlar kimlardadir doim takrorlanib turadi. Xorvatiyalik Frane Selak ana shunday insonlardan biri hisoblanadi.
1960 yillardan 1980 yillargacha bu inson juda ko‘p marta baxtsiz hodisalarga duch keladi va har gal omon qoladi. Shu sababli ham uni “Dunyodagi eng omadli shaxs” deb atashadi.
1929 yilda tug‘ilgan Frane Selak uzoq yillar davomida musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Bu inson juda ko‘p marta o‘limdan qolgani haqida hikoyalar mavjud. Kimlardir ularni to‘qima deydi, boshqalar esa ishonadi.
Vikipediyada Frane Selak haqida 19 ta tilda ma’lumot borligi e’tiborga olinsa, u o‘z hikoyalarini to‘qigan bo‘lsa ham ancha mashhur inson. Quyida Frane boshdan kechirgan turli ko‘ngilsiz hodisalar va halokatlar haqida gaplashamiz.
Birinchi hodisa
1962 yilda Frane Selak Bosniya poytaxti Sarayevo shahridan Xorvatiyaning Dubrovnik shahriga borish uchun poyezdga o‘tiradi. Poyezd tor dara ichidan ketib borayotib, ko‘priklarning biriga kelganda relsdan chiqib ketadi va daryoga qulaydi. O‘shanda ancha odam halok bo‘ladi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/IKX2PEceP2N_0gBN4th9F5Js6WGoDScT.jpg)
Franening aytishicha, o‘shanda uni noma’lum odam qutqarib, suvdan olib chiqqan. U bilan birga ketayotgan 17 kishi cho‘kib, halok bo‘lgan. Franening qo‘li singan xolos.
Ikkinchi hodisa
1963 yilda Frane Xorvatiya poytaxti Zagreb shahridan Adriatika dengizi bo‘yida joylashgan Riyeka shahriga borish uchun Douglas DC-8 samolyotiga chiqadi.
Parvoz paytida samolyotning eshigi qo‘qqisdan ochilib ketadi va uning yaqinida o‘tirgan Frane pastga qulaydi. U qulagandan so‘ng samolyot halokatga uchrab, 19 kishi halok bo‘ladi.
Frane esa tepadan pichan g‘arami ustiga tushadi va tirik qoladi. O‘shanda hatto uning hech qayeri sinmaydi. Bir necha joyi tirnaladi xolos.
![](https://storage.kun.uz/source/11/TH3QzNjYbIOsgVjS2atyRPjACFzmS7J5.jpg)
Keyinchalik Frane o‘shanda samolyotdan o‘zi bilan birga styuardessalardan biri ham qulab tushib, daraxt shoxiga ilinib qolganini va qizni qutqarganini aytib bergan.
Ko‘pchilik bu hikoyaga umuman ishonmaydi. Chunki 1963 yilda Riyeka shahrida aeroport umuman bo‘lmagan va bu shaharga samolyotlar uchmagan. Riyekadagi aeroport 1970 yilda qurilgan.
Uchinchi hodisa
1966 yilda Frane Xorvatiya janubidagi Split shahriga borish uchun avtobusga o‘tiradi. Avtobus daryo yoqasidagi yo‘l bo‘ylab ketayotganda pastga qulaydi.
O‘shanda 4 kishi halok bo‘ladi. Frane esa amallab qirg‘oqqa chiqib oladi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/J-mjl1TiCoylTI5h6GVAtOGJhHgDa3iV.jpg)
To‘rtinchi hodisa
1970 yilda Frane bilan navbatdagi ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘ladi. U shosselarning birida ketayotganida mashinasida yong‘in kelib chiqadi.
Frane darhol mashinani to‘xtatib, o‘zini pastga otadi va undan uzoqlashadi. Shu paytda olov mashinaning yoqilg‘i sig‘imiga yetib boradi va u portlaydi. O‘shanda Frane bir necha soniya kechikkanda portlab ketishi ham mumkin edi.
Beshinchi hodisa
1973 yilda Frane yana avtomobil bilan bog‘liq hodisaga duch keladi. O‘shanda yoqilg‘i sig‘imiga quyilgan sifatsiz benzin tufayli yoqilg‘i nasosi portlaydi.
Shunda yoqilg‘i sig‘imidan kelayotgan benzin dvigatel atrofiga sochiladi va kuchli yong‘in sodir bo‘ladi.
Olov ventilyatsiya teshiklaridan mashina salonigacha kirib keladi va Franening sochlari butunlay kuyib ketadi. O‘shanda u boshqa jarohat olmagan.
Oltinchi hodisa
1995 yilda Zagreb ko‘chalarining birida Franeni avtobus urib yuboradi. O‘shanda yana omadi kelgan xorvat yengil jarohat oladi xolos.
Yettinchi hodisa
1996 yilda Frane “Shkoda” mashinasi bilan tog‘ning tor yo‘lida ketayotganida burilish joyida ro‘parasidan BMTga tegishli yuk mashinasi kelayotganini ko‘radi.
U muqarrar to‘qnashuvdan qochish maqsadida mashina chambaragini burib yuboradi. “Shkoda” yo‘l chetidan chiqib, jarlikka qarab ketadi.
Frane so‘nggi soniyalarda mashinadan sakraydi va jarlik chetidagi daraxtga osilib qoladi. Mashina 90 metr chuqurlikka tushib parchalanib ketadi va yoqilg‘i sig‘imi portlaydi.
O‘sha voqeadan keyin Frane Selak boshqa ko‘ngilsiz hodisalarga va halokatlarga duch kelmaydi.
Frane Selak yuqoridagi hodisalarni atrofidagilarga ko‘p marta hikoya qilib bergan, biroq hech kim ularga ishonmasdi.
Biroq 2002 yilda sodir bo‘lgan bir hodisadan so‘ng hamma Franega ishona boshlaydi. U omma orasida mashhur insonga aylanadi. Undan intervyu olish uchun mahalliy va xorijiy telekanallar muxbirlari kelishadi.
Million dollar yutuq
2002 yilda 73 yoshga to‘lganidan uch kun o‘tib, Frane Selak lotereyadan 900 ming yevro (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 1,1 mln dollar) yutib oladi.
U yutuqni olgach o‘ziga ikkita uy va qayiq sotib oladi. 2010 yilda u qolgan pulning asosiy qismini qarindoshlari va do‘stlariga tarqatadi. Yana bir qismini xayriya qiladi. So‘ng xotini bilan kamtarona hayot kechiradi. Frane 2016 yilda 87 yoshida vafot etgan.
Frane Selakning bironta hikoyasini tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan. Ular chindan sodir bo‘lganmi yo‘qmi aniq ham emas. Biroq u ana shu hikoyalari bilan mashhur bo‘lgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.