8 fevraldan O‘zbekiston hududiga nam havo kirib kelishi boshlanadi, deya xabar bermoqda «O‘zgidromet» agentligi.
Juma kuni O‘zbekistoning barcha hududlari bo‘yicha quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunduz kunlari havo +13…+18 darajagacha isiydi. Faqat respublika shimolida havo harorati +2…+7 darajadan yuqori bo‘lmaydi.
Shanba kuni O‘zbekiston hududiga nam havo kirib kelishi boshlanadi. Ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, faqat Qoraqalpog‘iston va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Xorazm viloyatida va cho‘l hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
Hududning katta qismida havo harorati yuqori bo‘lishi saqlanib turadi, faqat respublika shimolida harorat –3…+2 darajagacha pasayadi.
Yakshanba kuni respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida kechasi va ertalab ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduz kunlari havo harorati +5…+10 darajagacha pasayadi, shimolda −3…+2 daradja atrofida bo‘ladi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, ayrim joylarda 15–20 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida juma kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, shanba kuni biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Yakshanba kuni kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi va u qorga aylanishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi. Harorat kechalari asosan +2…+6 daraja, kunduz kunlari 7–8 fevral kunlari +13…+16 daraja, 9 fevralda +8…+10 daraja bo‘ladi.