Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati “O‘z uyida ayol zanjirband qilib qo‘yilgan” izoh bilan tarqatilgan videoxabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 sentabr kuni fuqaro M.A. Zangiota tumani Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, kuyovi A.T.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan. Murojaat mazmuniga ko‘ra, A.T. 2019 yilning 23-26 sentabr kunlari o‘zining xonadonida, turmush o‘rtog‘i D.T.ning noqonuniy tarzda oyog‘ini zanjir bilan bog‘lab qo‘yib, ushlab turganligi ma'lum qilingan.
Ushbu murojaat Zangiota tumani IIB xodimlari tomonidan tezkor o‘rganish maqsadida, A.T. xonadoniga borildi. O‘rganish davomida D.T. olgan tan jarohatlari yuzasidan sud tibbiy ekspertiza ko‘rigi o‘tkazildi. Zangiota tuman sud tibbiy ekspertizaning 2019 yil 30 sentabr kunidagi ma'lumotnomasida, D.T.ning jarohatlari, og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘lig‘ining qisqa muddatga buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohatlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro A.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.