O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a'zosi, biofizik olim Bekjon Toshmuhammedov prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat, fan va xavfsizlik masalalari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Bekjon Oybekovich Toshmuhammedov 1935 yil 27 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1958 yilda Moskva davlat universitetini tamomlagan. 36 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va Toshkent davlat universitetining biologiya va biofizika kafedrasi professori bo‘lgan. 1975 yilda Berlindagi Gumboldt universitetida, 1978 yilda Merilend universitetida (AQSh, Baltimor) ilmiy amaliyot o‘tagan.
U o‘z davrida Kembrij universitetida (Buyuk Britaniya) ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. Yaponiya Fanlar akademiyasining Umumiy fiziologiya institutida taklif etilgan professor sifatida ishlagan. 1985 yilda "Neyrotoksinlar asab impulslari generatsiyasining molekulyar mexanizmlarini o‘rganish vositasi sifatida" turkumidagi ilmiy ishlari uchun SSSR Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.
Uzoq vaqt O‘zbekiston Fanlar akademiyasining biologiya bo‘limi mudiri va Fanlar akademiyasining Fiziologiya instituti direktori bo‘lib ishlagan.
- Intervyu berishga rozi bo‘lganingiz uchun tashakkur. Avvalo, O‘zbekistondagi vaziyat, O‘zbekiston prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholashingiz to‘g‘risida so‘ramoqchi edim.
- Biz tez o‘zgaruvchan davrda yashayapmiz va mening yoshimda barqarorlik ko‘proq xohlansa-da, ammo bugungi kunda mamlakatimizda bo‘layotgan barcha o‘zgarishlardan juda mamnunman. Axir, yillar davomida to‘planib qolgan muammolar birinchi marta o‘z yechimini topa boshladi.
To‘g‘ri, hammasi tekis ketmayapti. Prezidentning o‘zi mavjud kamchiliklarni tan olmoqda. Ammo eng muhimi, hukumat xalq bilan muloqot o‘rnatdi. So‘z erkinligi va diniy erkinlik, inson huquqlari endi jamiyatimiz uchun mo‘rt so‘z emas. Bugungi kunda odamlarning manfaati shunchaki navbatchi so‘zlar emas - bu siz va bizning voqeligimiz.
Va xalq ana shunday yashashga odatlanmoqda va buning aksini tasavvur ham qila olmaydilar. Biz uzoq, chuqur va qo‘rqinchli uyqudan uyg‘onganimiz oydinlashdi.
Menimcha, biz yaqindagina hukumat o‘z oilalarini tashlab, ish izlab ketgan bechora muhojirlarni haqoratlashga yo‘l qo‘yganligini unutib yubordik. Biz O‘zbekiston haqidagi yangiliklarni chet el matbuotidan o‘qiganimizni yoddan chiqardik. Atigi uch yil avval BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi O‘zbekistonda jonli efirda matbuot anjumani o‘tkazishini tasavvur qilishning iloji yo‘q edi.
Biz qisqa vaqt ichida qanday yo‘lni bosib o‘tganimizni osongina unutdik. Bu muammolarning yechimiga, avvalambor, prezident Shavkat Mirziyoyevning qat'iy siyosiy irodasini talab etadigan sa'y-harakatlar orqali erishiladi. Uning ishonchi va tanlagan yo‘lida qat'iyligi tufayli odamlar erkin gapirish va fikrlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bularsiz bugun siz bilan bunday mavzularda gaplashib o‘tirmagan bo‘lardik.
- Siz yutuqlar haqida gapiryapsiz, ammo tobora ko‘proq odamlar virtual qabulxonalar, bloglar va ijtimoiy tarmoqlar orqali prezidentga murojaat qilib, o‘z muammolari haqida gapira boshladilar.
- Bu normal hol. Odamlar o‘z murojaatlari e'tiborsiz qolmayotganligini ko‘rishmoqda. Biroq, barchamiz "shu yerning o‘zida va hoziroq" degan talabni bajarishning hamisha ham imkoni yo‘qligini tushunishimiz lozim.
Oldinga siljish, to‘plangan xatolarni tuzatish va tugatish jiddiy xarajatlarni talab qiladi. Haqiqiy bozor munosabatlariga o‘tish davrida inflatsiya muqarrar ekanligini odamlarga qanday tushuntirish kerak? Davlat aholining uy-joy kommunal xizmatlari uchun qarzlarini doimiy ravishda to‘lay olmaydi, elektr energiyasi, un va boshqa narsalar ishlab chiqarishni muntazam subsidiyalashga qodir emas. Yarimtaki choralar hech qachon muvaffaqiyat keltirmagan, faqat muammolarning og‘riqli yechimini ortga surgan. Agar bozor foydasiga tanlov qilgan bo‘lsak, u holda bozorga qarab o‘ylashimiz va harakat qilishimiz kerak. Afsuski, boshqa yo‘l yo‘q.
Shu bilan birga, haqiqiy vaziyatni tushuntirish o‘rniga shunchaki arzon ochko ishlaydigan odamlarning alohida guruhi bor. Tanqid qilish har doim muammoni hal qilishdan ko‘ra oson. Natijada to‘g‘ri, ammo og‘riqli islohotlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, salbiy axborot manzarasi shakllanadi. So‘z erkinligi og‘ziga kelganini gapirish degani emas, zero bu ulkan javobgarlik hamdir.
- Mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga kelsak, sizningcha, qaysi masalalar jadal rivojlanishga erishish uchun ustuvor hisoblanadi?
- Men Shavkat Miromonovichning jaholat va zo‘ravonlikka qarshi ta'lim orqali kurashishga asoslangan qat'iy pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Ma'rifat, ilm-fan va ta'lim taraqqiyot garovi degan bo‘lardim. Taraqqiyot nima? Uni ta'minlaydigan innovatsiyalar, yangi texnologiyalar, ma'lumotli va yuqori malakali kadrlardir.
Muhimi, davlatimiz rahbari buni tushunadi. Uning o‘zi ham bir necha bor ta'kidlaganidek, zamonning o‘zi fan sohasini rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarish zarurligini taqozo etadi. Aynan prezident tufayli O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qayta tiklana boshlandi. Zero, bungacha, u yillar davomida ongli ravishda yo‘q qilindi, unutila boshladi. Mening so‘zlarimni ko‘plab olimlar tasdiqlashadi.
Bugun akademik unvoniga jamiyatning avvalgi hurmati qaytarildi. Endilikda Akademiyaga o‘zlarini to‘liq fanga bag‘ishlaydigan va o‘z oilalarini boqish uchun pul topish zaruriyatini o‘ylamaydigan yosh va iqtidorli yoshlar kela boshladilar. Olim bo‘lish biznesmendan kam bo‘lmagan nufuzga aylanib borayotgani meni xursand qiladi. Ilm kishilari jamiyatda sharafli o‘rinni egallaydilar. Bularning barchasida mamlakatimizning haqiqiy taraqqiyoti va porloq kelajagini ko‘rmoqdaman.
- Ammo taraqqiyotni ta'minlash uchun musaffo osmon kerak. Albatta, bugun biz tinch va osoyishta hayot kechirmoqdamiz. Sizningcha, radikallashuv va ekstremizm tahdidlari O‘zbekiston uchun qay darajada real?
- Terrorizm biznes singari globallashib bormoqda, u chegaralarni tan olmaydi va o‘z maqsadlariga erishish usullarini doimiy ravishda takomillashtirib bormoqda.
Agar bizda hammasi tinch bo‘lsa, bu hech bir mamlakat sug‘urtalanmagan tahdidlar bizni chetlab o‘tishini anglatmaydi. Biz butun boshli davlatlar zo‘ravonlik, razolat va fundamentalizm changaliga tushib qolishiga guvoh bo‘ldik. Bizga eng yaqqol misol - o‘nlab yillar davomida qon to‘kilishi to‘xtamayotgan Afg‘oniston. Bir o‘ylab ko‘ring, birgina o‘tgan yil davomida u yerda 3 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, bularning bari bizning chegaralarimizga yaqin joylashgan butunlay boshqa dunyo mavjud bo‘lgan yerda sodir bo‘lmoqda.
Vatanimizga tahdidlar xayolot emas. 2000-yillar boshida terrorchilar qo‘shni davlatlardan bizning hududimizga o‘tib ketishining oldini olish uchun tog‘larda shafqatsiz harbiy harakatlar olib borishga to‘g‘ri kelganini barchamiz eslaymiz. Xorijiy kuchlar mavjud, agar ularga zarba berilmasa, ular yurtimizni haqiqiy Islomga hech qanday aloqasi bo‘lmagan ekstremistik g‘oyalar bilan to‘ldiradilar.
Bizga qo‘shni mamlakatlarda ularning Yaqin Sharq davlatlari homiylik qiladigan maktablari faoliyat ko‘rsatadi. Biz bu barcha balolar bizni chetlab o‘tib ketadi, deb o‘ylab, beparvo yashamasligimiz lozim. Biz birgalikda mamlakatimizga, islohotlarning og‘ir yo‘lini boshlagan prezidentimizga yordam berishimiz kerak. Oxir-oqibat, barchamiz bir qayiqdamiz va unda o‘z manfaatlarimiz yo‘lida suzishimiz darkor.
- Suhbat uchun rahmat.