Bugun, 4 oktabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida vazirlik, qo‘mita, hokimliklar axborot xizmatlari rahbarlari ishtirokida anjuman tashkil etildi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyevalar rahbarligida o‘tkazilgan tadbirda sohadagi qator og‘riqli masalalar ko‘tarildi. Komil Allamjonov monitoring markazining axborot xizmatlari faoliyati bo‘yicha tuzilgan reyting natijalarini e'lon qildi.
“Agentlik qoshidagi monitoring markazi har bir vazirlik, qo‘mita, uyushma va boshqa davlat tashkilotlari faoliyati haqida OAVda berilayotgan har bir tanqidiy materiallar haqida axborot yig‘adi. O‘z navbatida, ko‘tarilgan masalaga tegishli tashkilotning munosabati ham o‘rganiladi. Joriy yil to‘qqiz oyligi bo‘yicha davlat organlari haqidagi tanqidiy materiallar soni reytingi tuzib chiqildi. OAVda berilayotgan eng ko‘p negativ materiallar Xalq ta'limi vazirligiga qaratilgan. Umumiy hisobda 226 ta (2007 tadan) material bo‘yicha birinchilikni egallab turibdi. Xalq ta'limi vazirligi ularning atigi 41 tasiga o‘z munosabatini bildirgan, xolos. Bu muammoga sabab xalqni aniq va asosli ma'lumot bilan ta'minlamaslikdir. Vazirlik axborot xizmatining ro‘mol, hijob masalasidagi pozitsiyasi sezilmadi. Har qanday bo‘layotgan masalaga tezkorlik bilan izoh berishni o‘rganish kerak”.
Shuningdek, tadbirda aytilishicha, barcha axborot xizmatlari rahbarlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yuritishlari, yuzaga kelgan muhim masalaga rasmiy izoh berish aynan shu maydoncha orqali amalga oshirilishi kerakligi aytildi. Yana bir muhim masala – vazirliklarning rasmiy telegram kanallariga verifikatsiya yorlig‘ini olishda agentlik ko‘mak berishi aytildi.